2024-yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun ilk bor 100 ming nafar o‘zbekistonlik tanlovlarga jalb qilinadi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.
Yil davomida Janubiy Koreyaning E-9 va boshqa ishchi vizalari asosida tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning 8−14 fevral kunlari mamlakatda ishlash istagida bo‘lgan nomzodlar uchun ro‘yxatdan o‘tish amalga oshiriladi.
Bunda quyidagi sohalar bo‘yicha fuqarolar ariza jo‘natishlari mumkin bo‘ladi:
- Ishlab chiqarish — 22248ta
- Qishloq xo‘jaligi — 6858ta
- Xizmat ko‘rsatish-2 (mehmonxona va oshxona ishlari) — 5403ta (asosan ayollar uchun)
- Qurilish — 2898ta.
Oylik maosh o‘rtacha $2000-$2500ni tashkil etib, nomzodlar mazkur sohalardan faqat bittasini tanlashi kerak.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nomzodlar soni yuqorida ko‘rsatilgan kvotalarga yetganidan so‘ng to‘xtatiladi. Agentlik taqdim etadigan havola orqali anketa to‘ldirib, to‘lov ($28) amalga oshirish kerak.
Eps-topik test imtihonida qatnashish uchun quyidagi talablar mavjud:
- O‘zbekiston fuqarosi;
- 18 yoshga to‘lgan hamda 40 yoshga to‘lmagan;
- koreys tilini bilish;
- xorijga chiqish uchun taqiq bo‘lmasligi;
- sog‘lom, yuqumli kasallikka chalinmagan;
- Koreya hududiga kirishga taqiq yo‘qligi;
- Koreyada E-9 yoki E-10 vizasi asosida 5 yildan ortiq muddatda ishlamagan;
- O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilmagan hamda sudlanmagan bo‘lish.
Ro‘yxatdan o‘tish va yuklash uchun zarur ma’lumotlar:
- telefon raqami;
- xorijga chiqish pasportining sifatli rangli elektron nusxasi (JPG formatida);
- 3,5×4,5 hajmdagi oq fonli sifatli rangli rasm (JPG formatida).
- yashash manzili (viloyat, tuman, MFY, ko‘cha va xonadon).
Ma’lumotlar “zagran” pasport bilan faqat lotin alifbosida va to‘g‘ri kiritilishi zarur.
Xato yuklangan, kiritilgan nomzod testda qatnasha olmasligi yoki testdan muvafaqqiyatli o‘tgan taqdirda ham unga viza rad etilishi mumkin.
Migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarning Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.
Batafsil ma’lumotlarni +998 71 202 33 55, 71 200 00 61 raqamlaridan yoki havola orqali olish mumkin.
Avvalroq o‘zbekistonliklar Germaniyadagi 50 mingta bo‘sh ish o‘rniga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.