Benzin uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori yana oshirildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda bir qator shaxslarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi sifatida to‘lanadi.

Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyaning 15-maydagi qarori bilan mazkur turdagi kompensatsiyaning yangi miqdori belgilandi.

Unga ko‘ra, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2024-yilning ikkinchi choragidan boshlab 128 700 so‘mni tashkil qiladi.

To‘lovlar “O‘zbekneftgaz” tomonidan moliyalashtirilib, mazkur huquqqa ega bo‘lganlar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Benzin uchun kompensatsiya miqdori 2023-yilning ikkinchi choragida 55%ga oshirilib, 116 180 so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, o‘tgan yilning uchinchi choragidan 119 640 so‘mga, to‘rtinchi choragidan esa 120 660 so‘mga oshirildi. Joriy yilning birinchi choragida esa 124 780 so‘mga yetkazilgandi.

1-iyundan metan gazni sotishda belgilangan eng baland chakana narx 3750 so‘m etib belgilanmoqda. Mazkur miqdor 1-avgustgacha amal qiladi.