“Meta” kompaniyasi “Facebook” foydalanuvchilaridan to‘plangan shaxsiy ma’lumotlardan maqsadli reklama uchun foydalanishni cheklashga majbur bo‘ladi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Qayd etilishicha, Yevropa sudi faol Maks Shremsning maxfiylikni himoya qiluvchi da’vosini qo‘llab-quvvatladi.
U Avstriya sudiga shikoyat bilan murojaat qilib, “Meta'” shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish asosida maqsadli reklama joylashtirishi natijasida reklama obyektiga aylanganini da’vo qildi.
Shundan so‘ng Avstriya sudi tushuntirish uchun Lyuksemburgda joylashgan Yevropa Ittifoqi sudiga (UCEU) murojaat qildi, u Shrems tomonini oldi.
“„Facebook“ kabi ijtimoiy tarmoqlar target reklama maqsadlarida to‘plangan barcha shaxsiy ma’lumotlardan vaqt chegaralarisiz va ma’lumotlar turidan farq qilmasdan foydalana olmaydi”, dedi Yevropa sudi.
Bunga javoban “Meta” o‘z mahsulotlarida maxfiylikni himoya qilish choralarini yaratish uchun $5 mlrddan ortiq sarmoya kiritganini ma’lum qildi.
Shuningdek, kompaniya reklamalarni shaxsiylashtirish uchun foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan bir qator toifadagi ma’lumotlardan foydalanmasligini va reklama beruvchilarga maxfiy ma’lumotlarni baham ko‘rishga ruxsat berilmaganligini aytdi.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi regulyatori Meta kompaniyasini 91 mln yevro jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Jarimaga kompaniya ba’zi foydalanuvchilarning parollarini himoyasiz yoki shifrlashsiz saqlaganligi sabab bo‘lgan.