Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha 24-dekabr kuni prezident qarori qabul qilindi.

Akademiya yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, uning faoliyati 2025-yilning 1-oktabridan to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Nukus shahrida joylashgan davlat va nodavlat davolash-profilaktika muassasalari akademiyaning klinik bazasi hisoblanadi. Uning tarkibida ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, o‘quv-simulyatsion markaz va mehmonxona bo‘ladi.

Tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali innovatsion usullarini joriy etish akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. Bu yerda telemeditsina texnologiyalaridan foydalanish sharoiti yaratiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan Akademiyada klinik ordinaturada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryoda davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xaridlar markazi tashkil qilinishi xabar berilgandi. Markazga 2025-yildan boshlab, dori vositalari va laboratoriya uskunalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.