Avvalroq Spot 22-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start bergani haqida yozgan edi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan yangi avtomagistral mavjud yo‘llarga muqobil bo‘ladi. Hozirgi Samarqand yo‘li ochiq qoladi va fuqarolar istagan yo‘nalishdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

“Daromadi oshgan odamning yuragi siqiladi besh soat yurishga. Bu ham adolat, bu ham inson qadri degani. O‘ylaymanki, [loyiha bunga] eng katta zamin [yaratadi]”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda Toshkent davlat transport universiteti rektori Abdulaziz G‘ulomovga bir hafta ichida tegishli takliflarni tayyorlash topshirildi. U zamonaviy yo‘l qurilishi bo‘yicha amaliy ta’limni yo‘lga qo‘yish, loyiha xarajatlari va hisob-kitoblarini o‘rganish hamda dual ta’lim asosida mutaxassislar tayyorlash rejalarini nazarda tutishi kerak.

Shuningdek, prezident poytaxtni vodiy bilan bog‘lovchi Toshkent-Andijon pulli yo‘li bo‘yicha xalqaro tender jarayonlari yakunlanish arafasida ekanini ma’lum qildi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq tumanini Toshkent bilan bog‘laydigan pulli yo‘lni loyihalash esa yakunlanib, xususiy sherik aniqlanayotgani ta’kidlandi. Tez orada amaliy ishlarni boshlash rejalashtirilmoqda.

“Bunday yirik yo‘l qurilish loyihalarini Qashqadaryo, Namangan, Buxoro, Surxondaryoda ham tez orada amalga oshirish choralarini ko‘ramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, transport vaziri Ilhom Mahkamov ham O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida hozirda rejalashtirilayotgan pulli avtomagistrallar loyihalariga qo‘shimcha ravishda bir qator viloyatlarda ham pulli yo‘llarni qurish ishlari amalga oshirilishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, transport-yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun respublika budjeti hamda xorijiy hamkorlar mablag‘lari hisobidan “nihoyatda katta” mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Avvalroq Spot Xitoyning COVEC kompaniyasi $2,18 mlrdga Toshkent-Samarqand pulli yo‘lini qurishi haqida yozgan edi.