Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start bergani haqida xabar berilgandi.
Xitoyning China Overseas Engineering Group (COVEC) korporatsiyasi Toshkent-Samarqand pullik avtomagistralini quradi. Bu haqda kompaniya prezidenti Van Kun tamal toshini qo‘yish marosimidagi nutqida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yo‘l qurilishi nafaqat O‘zbekistonning eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri, balki kelajakdagi Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagining bir qismiga aylanadi.
“Bugungi kunda ushbu avtomobil yo‘li O‘zbekiston milliy transport tarmog‘ining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi, kelajakda esa Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagining asosiy tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda”, — dedi u.
Kompaniya rahbari loyiha mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yangi bosqich bo‘lishini ta‘kidladi. Uning aytishicha, qurilish yakunlangach, avtomagistral hududlar o‘rtasidagi transport aloqadorligini mustahkamlaydi, logistika tizimi samaradorligini oshiradi va zamonaviy iqtisodiy transport yo‘lagini yaratadi.

Van Kun o‘zi “boy jahon tajribasiga ega xalqaro infratuzilma pudratchisi” deb atagan kompaniya mazkur megloyihani qurilish sifati, mehnat xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasi va “yashil” qurilish texnologiyalarini joriy etishga alohida e‘tibor qaratgan holda, eng yuqori xalqaro standartlar asosida amalga oshirish niyatida ekanini qayd etdi.
“Ishonchimiz komilki, bu loyiha Yevroosiyo hududidagi eng zamonaviy va namunali loyiha bo‘lib, O‘zbekiston xalqiga uzoq yillar xizmat qiladi”, — deya ta‘kidladi u.
Shuningdek, China Overseas Engineering Group prezidenti O‘zbekiston kompaniyaning Bir makon, bir yo‘l tashabbusi doirasidagi asosiy hamkorlaridan biri ekanini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘zining professional salohiyati va resurslaridan foydalangan holda O‘zbekiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, nafaqat transport infratuzilmasi, balki foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, toza energetika, suv xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohalarida ham hamkorlikni kengaytirish niyatida.




So‘zining yakunida u taqdimot davomida Shavkat Mirziyoyevdan ko‘plab topshiriqlar olganini ma‘lum qildi va China Overseas Engineering Group ularni bajarish uchun bor kuchini safarbar etishiga ishontirdi.
“Ushbu maqsadga erishish yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlik uchun bor kuch-g‘ayratim va shijoatimni ishga solaman”, — deya so‘zini yakunladi Van Kun.
Iyun oyida manbalardan biri Spot‘ga pulli magistral qurilishi bo‘yicha tenderda China Overseas Engineering Group (COVEC) g‘olib bo‘lganini ma‘lum qilgan edi. Biroq o‘shanda tahririyat bu ma‘lumotning ishonchliligini tekshira olmagan.
Keyinroq bu ma‘lumotni Gazeta nashri ham tasdiqlab, loyiha Xitoyning yirik qurilish va investitsiya kompaniyalariga taqdim etilganini, shundan so‘ng unga China State Construction Engineering Corporation (CSCEC), China Road and Bridge Corporation (CRBC), China Overseas Engineering Construction (COVEC) va China Railway 20th Bureau Group (CRCC) qiziqish bildirganini xabar qildi. Saralash yakunlariga ko‘ra, loyiha pudratchisi sifatida aynan COVEC tanlangan.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘li
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
2024-yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida boshlash belgilangandi. Uning umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
2025-yilning fevral oyida 6 tasmali Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hujjat ishlari yakunlanib, tender ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Martga kelib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Toshkent-Samarqand yo‘lining uzunligi 300 km atrofida bo‘ladi. Qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.
Iyun oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta’ga bergan intervyusida Toshkent-Samarqand loyihasi bo‘yicha tender yanvar oyida e’lon qilingani, ishtirokchilardan dastlabki takliflar iyun oyi oxirida qabul qilinishi rejalashtirilganini bildirdi.
“Arizalar ko‘rib chiqilib, birinchi bosqichdan o‘tganimizdan so‘ng g‘oliblarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u. Unga ko‘ra, mazkur yo‘lning smeta qiymati $2,6 mlrddan $2,2 mlrdga tushirilgan.
Noyabr oyida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li loyihasi yakuniy bosqichda ekani, qurilish ishlari 2026-yilda boshlanishini aytgandi.
Joriy yilning martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent-Samarqand pulli yo‘li besh yilda qurilishi taʼkidlangandi. Trassaning 140 kmlik qismida tuproq mustahkamlanadi, loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.
Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li uchun operator qurilishdan so‘ng tanlanishi haqida yozgandi.



