O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish doirasida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini kengaytirish va pensiya hisoblash mexanizmini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Atadjanov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi pensiya tizimi solidar tamoyiliga asoslangan. Ya’ni ishlayotgan fuqarolar to‘laydigan ijtimoiy soliq yagona jamg‘armaga tushadi va aynan shu mablag‘lar hisobidan pensionerlarga pensiyalar to‘lanadi.

Asosiy takliflardan biri — davlat pensiyasiga qo‘shimcha bo‘ladigan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish. Atadjanovning ta’kidlashicha, rivojlangan davlatlarda yuqori pensiya miqdori aynan davlat pensiyasi bilan bir qatorda uzoq yillar davomida shakllantirilgan shaxsiy jamg‘armalar hisobiga ta’minlanadi.

Masalan, oylik ish haqi 7,6 mln so‘mgacha bo‘lgan xodim o‘z maoshining 5% ni ixtiyoriy ravishda shaxsiy pensiya hisobiga yo‘naltirsa, davlat ushbu summaning 50%i miqdorida qo‘shimcha mablag‘ qo‘shadi. “fuqaro o‘zining shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisob raqamiga 100 so‘m o‘tkazsa, davlat ustiga 50 so‘m qo‘shib o‘tkazib beradi”, — dedi u.

Ushbu tizimni 2027-yildan ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida barcha ishlovchilarga elektron shartnoma yuboriladi va ular rozilik bildirsa, shaxsiy jamg‘arma hisobvaraqlari avtomatik ochiladi.

Pensiya jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi majburiy 0,1% lik jamg‘arma badali bilan 7 mln so‘m oylik oladigan fuqaro 20 yil davomida taxminan 5 mln so‘m jamg‘aradi. Agar u yangi tizimda ishtirok etib, har oy maoshining 5% ni jamg‘arsa, davlat qo‘shadigan mablag‘ bilan birgalikda 20 yil ichida bu 126 mln so‘mga yetishi mumkin. “Bir qop pul bo‘ladi”, — dedi Atadjanov.

Bundan tashqari, 7,6 mln so‘mdan yuqori maosh oladigan xodimlar uchun ham qo‘shimcha rag‘bat taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, 7,6 mln so‘mdan oshadigan ish haqi qismidan to‘langan ijtimoiy soliqning 1% fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobiga o‘tkaziladi. Pensiya jamg‘armasi direktori buni “keshbek” mexanizmi sifatida izohladi.

Shuningdek, pensiya hisoblash tartibini ham o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Hozirda pensiya miqdori ish faoliyatining oxirgi 10 yilidagi istalgan 5 yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Taklifga ko‘ra, tizim bosqichma-bosqich 20 yillik mehnat davri asosida hisob-kitob qilishga o‘tadi.

Bunda, dastlab oxirgi 11 yilning 6 yili, keyin 12 yilning 7 yili va shu tartibda har yili hisobga olinadigan davr bittadan yilga kengaytirilib boriladi. Yakunda pensiya fuqaroning 20 yillik mehnat faoliyati davomida olgan ish haqi asosida hisoblanadi.

“Shunda fuqarolarimiz adolatli 20 yil mehnat qildimi, 20 yillik ish haqidan pensiya hisobga olinadi. Pensiya kamayib ketishining oldini olish maqsadida esa bu davrdagi eng past oylik olgan ikki yil hisobdan olinadi”, — dedi u.

Shuningdek, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining eng yuqori chegarasini 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mga oshirish taklif etilgan. Ushbu tartib 2027-yildan kuchga kirsa, yangi tayinlanadigan pensiyalar o‘rtacha 8% ga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Pensiya jamg‘armasi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun ham o‘zgarishlarni taklif qilmoqda. Hozirda ular yiliga BHMning bir baravari — 412 ming so‘m miqdoridagi ijtimoiy to‘lovni ixtiyoriy ravishda amalga oshiradi. Taklifga ko‘ra, ushbu to‘lov majburiy bo‘ladi, biroq miqdori o‘zgarmaydi. To‘lovni yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati saqlanib qoladi.

Atadjanovning aytishicha, buning evaziga o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar nafaqat pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi, balki vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, ayollar esa homiladorlik va tug‘ish nafaqasini ham olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, pensiya tizimini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilgan. Mening pensiyam mobil ilovasi orqali fuqarolar o‘z mehnat staji, ish haqi, to‘langan soliqlar, pensiya va jamg‘arilgan mablag‘larini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin. Prezident topshirig‘i bilan takliflar yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin puxta o‘rganilib, keyin jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Avvalroq Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqqan 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada pensiya tizimini qanday o‘zgartirish taklif qilingani haqida yozgan edi.