Xitoy 10-apreldan boshlab barcha Amerika tovarlariga 34%lik boj joriy qilmoqda, deya xabar berdi XXR moliya vazirligi.

Shu haftada Donald Tramp 183 mamlakatdan keladigan tovarlarga boj joriy qildi. Xitoy uchun stavka 34%ni tashkil etadi, 2-maydan boshlab esa Xitoy va Gonkongdan keladigan barcha jo‘natmalarga qo‘shimcha boj — qiymatning 30%i va $25 qo‘shiladi.

Pekin Vashingtonning bu qarorini keskin qoralab, uni “xalqaro savdo qoidalarining jiddiy buzilishi” va “global iqtisodiy rivojlanish va ishlab chiqarish-sotish zanjirlari barqarorligi"ga tahdid deb atadi.

Xitoy rasmiylari, shuningdek, AQShni bir tomonlama choralarni bekor qilishga va “teng huquqli, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatli muloqot"ga qaytishga chaqirdi.

Bojxona tariflaridan tashqari, Pekin AQShga bir qator kamyob yer elementlari, jumladan samariy, gadoliniy, terbiy, disproziy va boshqalarning eksportini ham cheklaydi.

Mazkur cheklovlar 4-apreldan boshlab kuchga kiradi. XXR Savdo vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad milliy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqaro majburiyatlarni bajarish, xususan, strategik ahamiyatga ega texnologiyalarning tarqalishini oldini olishdir.

Bundan tashqari, AQShning 11 ta kompaniyasi Xitoyning “ishonchsiz” ro‘yxatiga kiritildi. Bu esa Xitoyga ularga nisbatan sanksiyalar joriy etish huquqini beradi.

Xitoy tariflari

10-martdan boshlab Xitoy, shuningdek, AQSH qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga rasman qo‘shimcha bojlar joriy etdi.

Bu choralar AQShning Xitoy eksportiga bojlarni oshirish to‘g‘risidagi qaroriga javoban ko‘rildi. AQSH bu qarorni fentanilning noqonuniy savdosiga qarshi kurash bilan izohladi.

Fevral oyida Tramp 10%lik bojni tasdiqlagan bo‘lsa-da, mart oyi boshida stavka 20%ga ko‘tarildi. Vashington Pekinni opioidlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar yetkazib berilishini to‘xtatish uchun yetarli choralar ko‘rmaganlikda aybladi.

Xitoy bu qadamlarni xalqaro savdo me’yorlarining buzilishi deb baholadi va JSTga shikoyat kiritdi.

Hukumat vakillari ta’kidlashicha, yangi tariflar amerikalik ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun qo‘shimcha yuk yaratadi, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlariga putur yetkazadi.

AQShning Xitoyga eksportida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy o‘rinni egallaydi. 2024-yilda yetkazib berish hajmi $40 mlrdga yetdi, shundan $13 mlrdi soya dukkaklariga to‘g‘ri keldi. Endi amerikalik fermerlar raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun yangi bozorlarni izlashlari yoki narxlarni pasaytirishlari zarur bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar mamlakatlar murosaga kelmasa, vaziyat keng ko‘lamli savdo mojarosiga aylanib, jahon oziq-ovqat bozorlariga ta’sir ko‘rsatishi va narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin.


Avvalroq Spot AQSh joriy etayotgan bojlar O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ekspertlar fikrini taqdim qilgan edi.