O‘zbekistonliklar uchun konsullik xizmatlarining mobil ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Consular Services ilovasi konsullik masalalarini tezkor va masofadan turib hal etish, zarur ma’lumotlarni bevosita taqdim etishga mo‘ljallangan. Undan xorijda yashovchi yoki chet elga sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolar foydalanishi mumkin.

Ilovada O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Foydalanuvchilar elchixonalar va konsulliklarning manzillari, aloqa ma’lumotlari va joylashuvi to‘g‘risidagi dolzarb ma’lumotlarni olishi, shuningdek, o‘zlari turgan mamlakat yoki mintaqaga tegishli bo‘lgan konsullik okrugini aniqlashi mumkin.

Birinchi bosqichda ilova orqali O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikatni rasmiylashtirish hamda vaqtinchalik yoki doimiy konsullik ro‘yxatidan o‘tish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Kelgusida ular ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilgan.

Agentlik anketa va arizalarni avtomatik to‘ldirish tizimi platformaning asosiy xususiyatlaridan biri ekanligini qayd etdi. Majburiy maydonlarning qariyb 80%i avtomatik tarzda to‘ldiriladi. Bu orqali hujjatlarni rasmiylashtirish vaqti sezilarli darajada qisqarib, murojaat yuborish jarayoni osonlashadi.

Bundan tashqari, mobil ilovada O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlarning viza talablari borasidagi axborot bo‘limi mavjud. Hozirda ushbu xizmat sinov rejimida ishlamoqda va dolzarb ma’lumotlar bilan muntazam ravishda to‘ldirib borilmoqda.

Ilovani Android (Play Market) va iOS (App Store) qurilmalariga yuklab olish mumkin.

Joriy yilning aprek oyida xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun elchixonaga onlayn navbat olish xizmati ishga tushgan edi. Xizmatdan Yagona portal orqali konsullik bepul foydalanish mumkin.

Avvalroq Spot qanday qilib telefon raqamini boshqa odam nomiga onlayn o‘tkazish mumkinligi borasidagi qo‘llanmani taqdim etgan edi.