PepsiCo rossiyalik chakana sotuvchilarni Lay’s chipslari va boshqa sneklarni yetkazib berishda vaqtinchalik uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

RBC nashrining xabar berishicha, PepsiCo 2025-yilning mart oyidayoq chakana sotuvchilardan Lay’s va Cheetos chipslari hamda Xrustim suxariklarining zaxirasini shakllantirishni so‘ragan, chunki may-iyul oylarida barqaror yetkazib berishni kafolatlay olmasligini ma’lum qilgan. Ishlab chiqaruvchi aprel oyi oxirida yana bir ogohlantiruv xatini yuborgan.

Lenta chakana savdo kompaniyasi ham xat olganligini tarmoq vakili tasdiqladi va kompaniya “yetkazib berishdagi arzimas uzilishlarni” kutayotganini qo‘shib qo‘ydi.

Nashrning yana bir yirik savdo tarmog‘idagi manbasi ham yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatuvchi texnik qiyinchiliklar haqidagi ogohlantirishdan xabardor ekanligini ma’lum qildi.

RBC ma’lumotlariga ko‘ra, PepsiCo Rossiyada 2025-yil 1-maydan boshlab sneklar uchun majburiy markirovkalashni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishdagi muammolarni aniqladi.

Kompaniya markirovkalashning bosma usulini tanladi — ishlab chiqarishga allaqachon kodlar tushirilgan qadoqlar keltirilmoqda.

Biroq, asosiy qadoqlash ta’minotchilari kodlarni bosuvchi uskunalarning ishlashida muammolarga duch kelishdi. Natijada, ishlab chiqarish hajmi pasayib ketdi va hamkorlar 2025-yil iyulgacha qadoqlarni to‘liq miqdorda yetkazib berishni kafolatlay olmasliklarini PepsiCo maktublarida ma’lum qildi.

Chakana savdo kompaniyalari uyushmasining ma’lum qilishicha, yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar holatida riteylerlar chipslar taqchilligini kutishmaydi.

Qayd etilishicha, 1-maygacha ishlab chiqarilgan tovarlarni markirovkasiz sotish mumkin, sneklarning esa uzoq muddatli yaroqlilik muddati bor.


Avvalroq O‘zbekistondagi Pepsi ishlab chiqaruvchisi Baraka Market tarmog‘ining 100% ulushiga egalik qilishi haqida xabar berilgandi.

Har ikkala kompaniya ham “Holten Group Corp"ga aloqador bir xil yudirik shaxsga tegishlidir.