O‘zbekistondagi “Pepsi” ishlab chiqaruvchisi “Baraka Market” supermarketlar tarmog‘i ulushini oladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, qo‘mita tomonidan salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “International Beverages Tashkent” kompaniyasining tegishli arizasi ko‘rib chiqildi. Unda “Baraka market” savdo belgisi ostidagi “Urban Retail” kompaniyasining 100% ulushini olish istagi bildirilgan.
Bu bo‘yicha qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan tahlil o‘tkazilib, uning natijalari asosida bitimning korporativ tarkibiy o‘zgartirish hisoblanishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelindi. Arizani qanoatlantirish haqida qaror qabul qilindi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Urban Retail” MChJ 2020-yilning iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Spirtsiz salqin ichimliklar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya rahbari sifatida Nikolay Viktorovich Razumovskiy ko‘rsatilgan.
Kompaniyaning ustav fondi 5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Hozirda 99% ulush BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Holten Enterprise Holdings Ltd” kompaniyasiga, yana 1% ulush “Holten Group Corp"ga tegishli. Ular mos ravishda 99,9% va 0,1% ulush bilan “International Beverages Tashkent” ta’sischilari sifatida qayd etilgan.
O‘z navbatida, “International Beverages Tashkent” kompaniyasi “Pepsi”, “7UP”, “Mirinda”, “Mountain Dew,” “Adrenaline Rush” va “Lipton” savdo belgilari ostida salqin ichimliklar ishlab chiqaradi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi birjada dizel yoqilg‘isi narxining o‘sish chegarasini belgilagani haqida xabar berilgandi. 26-fevraldan fermerlarni ekish mavsumida qo‘llab-quvvatlash maqsadida yoqilg‘i narxining oshishi boshlang‘ich narxga nisbatan 5% bilan cheklanadi.