YouTube oddiy videolardagi dizlayk tugmasini yashirishni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Android Authority nashri yozdi.

O‘zgarishni X va Reddit foydalanuvchilari payqagan. Ularning aytishicha, ayrim foydalanuvchilarda yangi interfeys taxminan ikki hafta oldin paydo bo‘lgan.

“Yoqdi” tugmasi avvalgi joyida qolgan, dizlayk qo‘yish uchun esa endi uch nuqtali menyuni ochish kerak.

Aksariyat foydalanuvchilarda interfeys hozircha o‘zgarmagan, YouTube esa bu yangilikni rasman e’lon qilmagan.

Iyun oyida Google Shorts videolaridagi dizlayk tugmasini olib tashlab, uning o‘rniga boshqa fikr bildirish tizimini joriy etishini e’lon qilgan edi.

O‘shanda kompaniya oddiy videolardagi dizlayklar saqlanib qolishini alohida ta’kidlagan: “Uzun videolar va jonli efirlardagi dizlayklar odatdagidek hisobga olinaveradi”.

Android Authority nashrining fikricha, kompaniyaning bu va’dasi endi faqat qisman bajarilmoqda.

Dizlayklar avvalgidek hisobga olinadi, biroq tugmaning yashirilishi tomoshabinlarning unga bosish istagini kamaytirishi mumkin.


Avvalroq Spot YouTube izohlarga rasm va GIF qo‘shish imkoniyatini joriy etishi haqida yozgandi.

Funksiya noyabrda barcha foydalanuvchilarga taqdim etiladi, hozircha GIF’li izohlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.