O‘zbekistonda bayram kunlarini belgilash, tashkil etish va o‘tkazish tartibini yagona qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda. Adliya vazirligi bu bo‘yicha qonun loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.

Loyihaga ko‘ra, bayram kunlari to‘rt turga bo‘linadi: umumxalq, kasb, muhim sanalarga oid va xalqaro sanalarga oid bayramlar.

Umumxalq va kasb bayramlari qonun bilan, muhim sanalarga oid bayramlar prezident farmonlari va qarorlari bilan belgilanadi. O‘zbekistonda nishonlanadigan xalqaro sanalarga oid bayramlarni esa hukumat belgilaydi.

Hujjatda 9 ta umumxalq bayrami ko‘rsatilgan hamda bu kunlar ishlanmaydigan kunlar hisoblanadi:

  • 1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Xotin-qizlar kuni;
  • 21-mart — Navro‘z bayrami;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1-sentyabr — Mustaqillik kuni;
  • 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
  • Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.

Yana 23 kun kasb bayramlari sifatida belgilanadi:

  • 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni;
  • 26-yanvar — Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni;
  • 1-fevral — Transport xodimlari kuni;
  • 22-mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni;
  • Aprel oyining birinchi yakshanbasi — Geologiya sohasi xodimlari kuni;
  • 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni;
  • 18-aprel — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni;
  • 7-may — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni;
  • May oyining uchinchi yakshanbasi — Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni;
  • 9-iyun — Arxiv xodimlari kuni;
  • 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni;
  • Iyun oyining oxirgi yakshanbasi — Savdo, matlubot kooperatsiyasi va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari kuni;
  • 4-avgust — Milliy gvardiya organlari xodimlari kuni;
  • 20-avgust — Tadbirkorlar kuni;
  • Avgust oyining birinchi yakshanbasi — Temir yo‘l transporti xodimlari kuni;
  • Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi — Qurilish sohasi xodimlari kuni;
  • Avgust oyining uchinchi yakshanbasi — O‘zbekiston Respublikasi Havo floti kuni;
  • 26-sentyabr — Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni;
  • 20-oktabr — O‘zbekiston qutqaruvchilar kuni;
  • 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni;
  • 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni;
  • Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni;
  • Dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni.

Kasb bayramlarini tashkil etish respublika, hududiy va tuman (shahar) darajalarida tegishli davlat organlari hamda tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Umumxalq bayramlarini o‘tkazish esa hukumat va mahalliy hokimliklar tomonidan belgilangan mas’ul tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.

Bayram tadbirlarida jamoat tartibi, xavfsizlik, tibbiy xizmat, sanitariya va yong‘in xavfsizligi ta’minlanishi shart. Tadbirlar mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, davlat organlari mablag‘lari, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

Ish beruvchilar bayramlar munosabati bilan xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi mukofotlar ham to‘lashi mumkin.

Qonun prezident tomonidan imzolanib, rasman e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tib kuchga kiradi. Muhokamalar 4-noyabrga qadar davom etadi.

Avvalroq Spot prezident o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolagani haqida yozgan edi.