AQSh senatorlari Rossiyaga qarshi “maydalovchi” sanksiyalar tayyorlamoqda, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.

Janubiy Karolinadan bo‘lgan respublikachi senator Lindsi Grem 100 ta senatordan 72 tasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritadigan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, choralar Rossiyadan neft va gaz sotib oluvchi mamlakatlardan importga 500%lik bojlarni o‘z ichiga oladi.

Bloombergning yozishicha, agar Rossiya rahbariyati Ukrainadagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha “jiddiy muzokaralar"ni boshlamasa, loyiha kuchga kirishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, tashabbus Rossiya nefti, neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uranni sotib oluvchi mamlakatlardan importga bojlar joriy etishni nazarda tutadi. Boshqa sanksiyalar esa AQSh fuqarolariga Rossiyaning suveren qarzini sotib olishni taqiqlaydi.

“Men urushni munosib va adolatli tarzda to‘xtatish haqida kelishmoqchiman. Menimcha, [AQSh prezidenti Donald] Tramp bu maqsadga erishish uchun eng mos odam”, — dedi Grem.

Senator Gremning qo‘shimcha qilishicha, u Vakillar palatasida sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ovozga qo‘yish uchun yetarli qo‘llab-quvvatlashga ega.


Avvalroq Spot AQSh Kambodja, Tailand, Vetnam va Malayziyadan quyosh panellari importiga bojlarni 3521%gacha oshirgani haqida yozgandi.

Bunga AQSh Savdo vazirligi Xitoy boj to‘lashdan qochish uchun bu davlatlar orqali mamlakatga yashirincha panellar yetkazib bergan degan xulosaga kelgani sabab bo‘lgan.