Wildberries elektron savdo maydonchasida O‘zbekiston tovarlari bilan yangi bo‘lim paydo bo‘ldi. Bu haqda Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Marketpleys saytining aksiyalar toifasida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” bo‘limi ochildi, unda maxsus belgi bilan ajratilgan mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar jamlangan. Qayd etilishicha, bu xaridorlarga katalogda tez mo‘ljal olish va O‘zbekiston mahsulotlarini topishga yordam beradi. Xuddi shunday tematik bo‘lim Belarus tovarlari uchun ham yaratilgan.

Ayni paytda bo‘limda 1 mingga yaqin tovar pozitsiyalari (SKU) mavjud. Assortiment sotuvchilar verifikatsiyadan o‘tishi bilan to‘ldiriladi, deya ta’kidlanadi Wildberries’da.

elektron tijorat, issv, o‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, wildberries

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” bo‘limiga kirmoqchi bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar tasdiqlash jarayonidan o‘tishlari kerak. Buning uchun kompaniyalar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga murojaat qilib, verifikatsiyadan o‘tishlari va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari zarur.

ISSVga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilish mumkin: (99) 981−07−23, (97) 098−07−23 va (71) 238−50−14 (ichki raqam — 243). Shuningdek, maxsus onlayn shakl orqali ariza topshirish yoki Telegram orqali yozish imkoni mavjud.

Verifikatsiyadan keyin mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari tematik bo‘limga kiritiladi va maxsus belgi bilan ajratiladi.

Vazirlikning tushuntirishicha, tashabbus mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston kompaniyalarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish va milliy brendlarni xalqaro bozorlarda ilgari surishga qaratilgan. ISSV Wildberries bilan onlayn eksportni rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning global raqamli platformalardagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettiradi.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Wildberries’ga sotilgan tovarlarning umumiy hajmi 61,3% ga oshgan. Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlariga, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda avtomobil tovarlari va kiyim-kechaklarga talab sezilarli darajada oshdi.

Avvalroq Wildberries Toshkentda yangi saralash markazini ochgani haqida xabar berilgandi.