Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va IT Park tomonidan O‘zbekistondagi xorijiy mutaxassislar va IT kompaniyalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha relokant — taxminan 38 yoshli, oilali va farzandli malakali xorijlik mutaxassis. Ularning 82%i, kompaniyalarning 96%i mamlakatda faoliyatini davom ettirish niyatida. Shu bilan birga, ular O‘zbekistonni boshqa mutaxassislarga tavsiya qilishga tayyor (mos ravishda 81% va 93%).

Ishtirokchilar ayrim takomillashtirishlarga ehtiyoj saqlanib qolayotganini qayd etgan. Xususan, kompaniyalarning 44%i va mutaxassislarning 41%i moliyaviy va bank xizmatlari qulayligini oshirishni istasa, 35%i uzoq muddat qolish uchun yashash ruxsatnomasini olish tartibini soddalashtirish zarur, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, IT Card’ni foydalanuvchilarning atigi 22%i amalda qo‘llagan. Respondentlarning 73%i davlat organlari, banklar va notariuslar xodimlari orasida funksionallikni kengaytirish va axborot savodxonligini oshirish zarurligini qayd etdilar.

Boshqa muhim sohalar qatorida uy-joy ijarasi sharoitlarini yaxshilash (53%), tibbiyot va ta’lim xizmatlariga teng imkoniyatlarni ta’minlash (31%) bor. Shuningdek, mutaxassislarning 36%i va kompaniyalarning 21%i raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun qo‘shimcha salohiyat mavjudligini ta’kidlagan.

Relokantlar uchun vizalar

IT Park 2022-yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelayotgan texnologiya sohasidagi mutaxassislari uchun maxsus vizalar (IT Visa) berishni yo‘lga qo‘ydi. IT Card vizasiz rejimga ega bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga taqdim etiladi.

Hujjatlar uch yilga rasmiylashtiriladi. Ularning egalari mamlakatdan bemalol chiqib ketishlari va qaytishlari, mamlakat bo‘ylab sayohat qilishlari, fuqarolar bilan teng sharoitlarda ta’lim va tibbiyotdan foydalanishlari, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olishlari mumkin.

IT Visa’ni yillik daromadi kamida $30 ming bo‘lgan mutaxassislar, mahalliy loyihaga kamida $10 ming sarmoya kiritgan investorlar, shuningdek, IT Park rezident kompaniyalari asoschilari (ta'sischilari) rasmiylashtirishlari mumkin. Arizalar texnopark tomonidan 23 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng viza rasmiylashtirish uchun ma’lumotlar ichki ishlar organlariga yuboriladi.

2023-yilning aprel oyida IT Park direktori Farhod Ibragimov bir yil ichida IT Card va IT Visa olish uchun 320 dan ortiq arizalar kelib tushganini, ulardan 250 tasi ma’qullanganini ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, “O‘zbekistonda uzoq muddat qolishni o‘z maqsadi deb biladigan” mutaxassislar ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq O‘zbekiston sun’iy intellekt uchun infratuzilmani rivojlantirishga $50 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.