Shri-Lanka hukumati o‘z dengiz portlari orqali O‘zbekiston eksport tovarlari tranzitini yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda. Bu haqda Dunyo xabar bermoqda.

O‘zbekiston elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida) Alisher To‘xtayev 27-iyul kuni savdo, tijorat, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperatsiyani rivojlantirish vaziri Vasanta Samarasingxe bilan uchrashdi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish muhokama qilindi.

2024-yil yakuniga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi atigi $6 mlnni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston va Shri-Lankaning mavjud salohiyatga mutlaqo mos kelmasligi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish va mahsulotlarni nomenklaturasini diversifikatsiya qilish borasida qo‘shma choralar ko‘rish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Vazir Samarasingxe Kolomboning Toshkent bilan hamkorlikni kengaytirishga qiziqishini, shuningdek, ikki mamlakat davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish muhimligini qayd etdi.

Tomonlar biznes-forumlar o‘tkazish, o‘zaro delegatsiyalar yuborish, hukumatlararo komissiya va ishchi guruhlar tuzish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Logistika, turizm, investitsiyalar, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Samarasingxe barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida tajriba almashish imkoniyatlarini qayd etdi.

Bundan tashqari, xorijiy tomon O‘zbekiston mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarishda o‘z portlaridan foydalanishni taklif etib, bu borada barcha qulayliklarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va amaliy “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish maqsadida mutasaddi idoralar o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z paromlarini ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.