5-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda o‘tkazilayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston dengiz kommunikatsiyalariga faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkinligini ta’kidlab, deyarli 3 ming km masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirayotganini qayd etdi.

Bular — yuqori tariflar, transport yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani hamda boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqligi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili YIMning 2%igacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60% gacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.

Prezident dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash vazifasini hal etish uchun quyidagi uchta prinsipial shartni bajarish lozimligini ta’kidladi:

  • barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish;
  • tranzit muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish;
  • global teng huquqlilikning muhim elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlash.

Shavkat Mirziyoyev umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha aniq, amaliy va institutsional jihatdan ta’minlangan qarorlar muhimligini ta’kidlab, bir nechta takliflarni bildirdi.

Birinchi navbatda xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarurligi aytildi. Mamlakat O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdori.

“Ushbu istiqbolli yo‘lakni qurilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi”, — dedi prezident.

O‘rta yo‘lakni to‘liq ishga tushirish uchun, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir.

BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqish taklif etildi. Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Navbatdagi yo‘nalish yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalari bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar yiliga qariyb $40 mlrd, deb baholanmoqda.

Prezident BMT shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi. Ushbu jamg‘armaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bu mamlakatlarning tranzit borasida cheklangan imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish va mavjud sharoitlar asosida xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali taqsimlashning ta’sirchan vositasiga aylanishi kutilmoqda.

“Eng asosiysi — ushbu indeks mamlakatlarimizning raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga olinishi kerak”, dedi mamlakat yetakchisi.

O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish bo‘yicha taklifni amalga oshirish prinsipial ahamiyatga egaligi aytildi. Xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

“Umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari"ni faol jalb etish muhim. Bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilamiz”, — deya qayd etdi prezideny.

Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.

O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida.

“Global bozorlarga chiqish barcha uchun teng bo‘lishi kerak. Bu — nafaqat iqtisodiy zarurat, balki birinchi galda, barqaror rivojlanishning muhim omili, xalqaro munosabatlarda ishonch va hamkorlik shartidir”, — deya xulosa qildi davlat rahbari.

Avvalroq Shri-Lanka O‘zbekistonga o‘z dengiz portlari orqali tovarlarni eksport qilishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar 2024-yilda $6 mlnni tashkil etgan tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.