Farg‘ona shahrida xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan Ferga Gold Factory zargarlik markazi ish boshladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning iyun oyidagi zargarlik sohasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq ochilgan Ferga Gold Factory mamlakatdagi uchinchi markaz bo‘ldi. Loyihaning qiymati 6 mlnni tashkil etdi.

Hozirda korxonada 60 kishi mehnat qilmoqda, to‘liq quvvatga erishgach esa, 300 ta yuqori maoshli ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda yiliga 2,2 trln so‘mlik 1,5 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Zavodga egalik qiluvchi AMASTA xorijiy kompaniyasi mahsulotlarni Ferga Gold brendi ostida sotadi. Ichki bozor bilan birga AQSh, BAA, Turkiya, Xitoy va Singapurga ham mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga ko‘ra, AMASTA kompaniyasi joriy yilning mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, uning ustav kapitali 500 mln so‘mni tashkil etadi. Firma ta’sischilari Murod Nayil o‘g‘li Shaxverdiyev va Ali Akilli bo‘lib, ular teng 50%lik ulushlarga ega.

Shavkat Mirziyoyev iyun oyida qimmatbaho metallarni qayta ishlash hajmini yiliga 7 tonnagacha, zargarlik buyumlari eksportini esa $300 mlngacha oshirish vazifasini qo‘ygan edi.

Bu maqsadga erishish uchun zargarlik markazlariga qimmatbaho metallarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida xarid qilishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, 1-sentabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanish huquqi berildi.


Avvalroq Spot Turkiya kompaniyasi Namanganda zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Buning uchun Lucca Gold Factory bilan qo‘shma korxona ishga tushirilib, unga $5 mln yo‘naltiriladi.