Osiyo taraqqiyot banki joriy va kelasi yil uchun O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha kutilmalarni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda bankning sentabr oyidagi sharhida keltirilgan.

OTB mamlakat iqtisodiyoti joriy yilning aprel oyidagi prognozlar bo‘yicha o‘sishini kutmoqda — 2025-yilda 6,6%, 2026-yilda esa 6,7% ga. Bu yilgi va kelgusi yilgi inflyatsiya kutilmalari ham o‘zgarishsiz qoldi — mos ravishda 8% va 7%.

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 6,5% dan 7,2% gacha tezlashdi. Xususiy iste’mol pul o‘tkazmalari va ish haqining o‘sishi hisobiga 9,6% ga oshdi. Sohalar kesimida turizm (48,9%), IT (21,9%), transport (11,3%), qurilish (10,7%) va chakana savdo (9,7%) sohalarida eng yuqori o‘sish qayd etildi.

Birinchi yarim yillikda budjet daromadlari QQS, aksizlar va bojxona to‘lovlari tushumlarining o‘sishi hisobiga 19,2% ga oshdi. Xarajatlar o‘rtacha 13,4% ga oshdi, chunki hukumat infratuzilma va ijtimoiy sohani moliyalashtirishga e’tibor qaratmoqda, shuningdek, 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyaga amal qilmoqda.

Oltin eksporti va pul o‘tkazmalari joriy hisob taqchilligini kamaytirdi. Iyun oyida Markaziy bank zaxira siyosatini o‘zgartirib, 11,1 tonna oltin sotib oldi. Shu fonda xalqaro agentliklar suveren kredit reytingini (Fitch) yaxshiladi va prognozni “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirdi (S&P Global va Moody’s).

OTB O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xatarlar qatorida quyidagilarni ajratib ko‘rsatdi:

  • eksport tovarlariga (oltindan tashqari), shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik va sanoat buyumlariga tashqi talabni pasaytiruvchi savdo tangligi;
  • mintaqaviy beqarorlik va tariflarning oshishi sharoitida yoqilg‘i narxlari va transport xarajatlarining o‘sishi;
  • siyosatni kuchaytirishni talab qilishi va iqtisodiy faollikning sekinlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan saqlanib qolayotgan inflyatsion kutilmalar.

Avvalroq YTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 6,7% ga o‘sishini kutayotgani haqida xabar berilgandi. Bank prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda mamlakatda YIM 6% ni tashkil etishi mumkin.