Dubayning asosiy ramzlaridan biri — “Burj Al Arab” mehmonxonasi keng ko‘lamli restavratsiya uchun yopilmoqda. Bu haqda Khaleesj Times xabar berdi.

Qayd etilishicha, qarorni uning egasi, amirlik hukmdori Muhammad bin Roshid Ol Maktum qabul qildi.

Mehmonxona o‘z faoliyatini 18 oyga to‘xtatadi — bu 1999-yilda ochilganidan beri birinchi yirik yangilanishdir. Hukumat uning dunyodagi eng hashamatli va taniqli mehmonxonalardan biri sifatidagi maqomini saqlab qolishga intilmoqda.

Ishlarga Parijdagi Hôtel de Crillon kabi mashhur Yevropa mehmonxonalarini yangilash loyihalari bilan tanilgan fransuz dizayneri Tristan Auer boshchilik qiladi.

Oerning o‘zi merosga hurmatni zamonaviy yondashuv bilan uyg‘unlashtirish niyatida ekanligini aytib, loyihada ishtirok etishini tasdiqladi.

Mehmonxona Jumeirah Group tomonidan boshqariladi va Dubai Holding tarkibiga kiradi. Ichkarida 198 ta lyuks nomer, marmar, tilla va billur bilan bezatilgan dabdabali interyerlar mavjud.

Shuningdek, unda 210 ta billur naychadan iborat va og‘irligi taxminan 450 kilogramm bo‘lgan noyob spiralsimon qandil ham mavjud.

Mehmonxonaning yopilishi mintaqadagi sayyohlar oqimining pasayishiga to‘g‘ri keldi, biroq rasman asosiy e’tibor ushbu mashhur maskan qiyofasini yangilash va saqlab qolishga qaratilmoqda.

Ochilganidan buyon Burj al-Arab nafaqat mehmonxonaga, balki hashamat timsoliga ham aylandi, o‘zi esa BAAdagi eng ko‘p suratga olinadigan maskanlardan biri bo‘lib qolmoqda.


Avvalroq Spot Mercedes-Benz Dubay ichidagi osmono‘par binolardan shahar qurishi haqida yozgandi. Umumiy maydoni qariyb 836 ming kvadrat metr bo‘lgan ulkan majmua Meydan tumanida joylashadi.

2024-yilda ham Mercedes-Benz Dubayda $1 mlrdga hashamatli minora qurishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, mazkur hashamatli turar-joy minorasidagi kvartiralarning har biri $10 mlngacha turadi.

Osmono‘par bino “Mercedes-Benz Places” deb nomlangan. Avtomobil kompaniyasi loyihani amirlik ishlab chiqaruvchisi “Binghatti” yordamida amalga oshirmoqda.

65 qavatli bino Dubayning gavjum markazidan taxminan 341 m balandlikda ko‘tariladi va 2026-yilning to‘rtinchi choragida qurib bitkaziladi.