Sog‘liqni saqlash vazirligi 15-yanvardan dorixonalarda antibiotiklar faqat elektron retsept orqali berilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Vazirning elektron retsept tizimini joriy etish bo‘yicha buyrug‘iga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlashni bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
Bunda dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli taʼsir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari hamda gormonal dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash va dorixonalarda elektron retsept asosida berish tartibi belgilangan.
Hozirda mazkur dori vositalari amalda ushbu tartib asosida elektron retsept orqali berib kelinmoqda.
Ushbu hujjat Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, yangi tartib 15-yanvardan emas, buyruq kuchga kirgan sana — 16-dekabrdan amalda hisoblanadi.
Dorilarning elektron retsept bilan berilishi
10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim bo‘yicha xavotirlarga javoban, ayrim bemorlar zarur dorilar bilan ta’minlanishini hamda retseptsiz beriladigan dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.
Undan keyin vazirlik talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etdi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari bu yerda keltirilgan. Shuningdek, qaysi dori vositalari retsept asosida yoki retseptsiz sotilishini Yagona portal orqali ham bilib olish mumkin.
Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlar @ssv_pilotbot Telegram boti hamda 1003 qisqa raqamli “Call-markaz” orqali qabul qilinadi.
23-dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov elektron retsept tizimi dorilarning nojo‘ya ta’siri va asossiz yozib berilishini kamaytirishga qaratilganini, uzilishlar paytida ayrim dorilar shartli ravishda qog‘oz retsept bilan berilishi mumkinligini bildirgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda Telsartan H dorisining ayrim seriyasi bozordan qaytarib olinayotgani haqida xabar berilgandi.
