Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 10-aprel kuni qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda renovatsiya loyihalari doirasida uy-joy mulkdorlarining rozilik bildirish chegarasi pasaytirilganiga izoh berdi.

Kudbiyev renovatsiya doirasida yakka tartibdagi uy-joylar uchun kompensatsiya to‘lash to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, u dastlab hududiy investitsiya kompaniyalari bunday loyihalarni amalga oshirishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligini baholashini ta’kidladi.

“Investitsiya kompaniyasi hal qiladi: masalan, berilgan kompensatsiya evaziga yangi qurilish qilsa, iqtisodiy nuqtai nazardan manfaatdor bo‘lsagina amalga oshiradi. Manfaardorlik bo‘lmasa, renovatsiya hududida yakka tartibdagi uy-joylar qolmaydi, degan dogma yo‘q. Lekin, qoida tariqasida, renovatsiya hududida ko‘p qavatli uylar bo‘ladi”, — dedi u.

Urbanizatsiya qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi hamda tartibga solish qumdoni doirasida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uy-joy mulkdorlarining 80% roziligi to‘g‘risidagi norma nazarda tutilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil sentabr oyida qabul qilingan shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi aholining majburiy 100% lik roziligini nazarda tutgan edi. Biroq Senat tomonidan o‘tgan haftada ma’qullangan hujjat versiyasida rozilik chegarasi 80% ga tushirildi.

“Bitta ega muhimmi yoki 80 ta egami? Bu savolga o‘zimiz ham javob beraylik-da. Masalan, mana shu yerda o‘tirganlarning 80%i chiroyli va bahavo joyda yashashga rozimiz, 15−20%imiz esa norozi, lekin bu 15−20% bo‘lmaydi. Kadastrni tahlil qilyapmiz, 10% dan yuqori obyektlar vaqtida rasmiylashtirilmagan mulklar yoki vafot etgan, meros huquqi rasmiylashtirilmagan hamda chet elda bo‘lgan shaxslardir. Ularga o‘rtacha 10−13% to‘g‘ri kelyapti. Noroziman deganlar 5−7% qolyapti . 5−7% ning fikri muhimmi yoki 80% ning fikri muhimmi? Biz jamiyat sifatida shunga javob berishimiz kerak-da”, — deb qayd etdi u.

Kudbiyev renovatsiya loyihalari doirasida tadbirkorlar mulkdorlardan uy-joy sotib olishda ishtirok etmasliklarini, buni davlat amalga oshirishini ta’kidladi. Joylarda investitsiya kompaniyalari 80% aholi bilan kelishuv olib boradi, biroq u bu chegara mulkdorlar soni yoki mulk maydoni bo‘yicha hisoblanishiga aniqlik kiritmadi.

davron vahobov, ko‘chmas mulk, qurilish, renovatsiya, sherzod kudbiyev, urbanizatsiya qo‘mitasi

80% aholining roziligini olgandan so‘ng, investitsiya kompaniyalari qolgan 20% bilan muzokaralar olib borib, 1 kv.metr maydonning o‘rtacha qiymatidan kelib chiqqan holda kompensatsiya taklif qiladi. Agar kelishuvga erishilmasa, masala sud tartibida hal qilinadi.

“Kel, kelishaylik, deydi, ya’ni 80% mulkdorning huquqi bor-da, 80% ning huquqini o‘ylaylik. Mayli, bizda mulk huquqi degan tushuncha bor, lekin bir odam tufayli qolganlar azob chekmasligi kerak-ku, to‘g‘rimi?”, — deya qo‘shimcha qildi amaldor.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ilgari tadbirkorlar mulkdorlardan uylarni sotib olganini tushuntirdi. Uning biznesga renovatsiya zonalarida uy-joy sotib olishga shoshilmaslik haqidagi chaqirig‘iga javoban Sherzod Kudbiyev mulkdorlar baribir uy-joyni tadbirkorlarga sota olmasligini ta’kidladi.

80% aholining roziligini olgandan va kompensatsiyalar to‘liq to‘langandan so‘ng, investitsiya kompaniyalari hududning master-rejasini ishlab chiqadi va uni Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tkazadi.

“Va, qoida tariqasida, majburiy emas, lekin qoida tarzida 1−2 ta uydan iborat kichik lotlar qilinib, auksionga chiqariladi. 30% yashil hudud va 30% yo‘l bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Kudbiyev.

SSP rahbari Toshkentdagi Akay City turar-joy majmuasi qurilishi atrofidagi vaziyatni eslab, yangi tartib mulkdorlar bilan nizolardan qochish imkonini berishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasi rahbari renovatsiyaning yangi tartibi aholi manfaatlarini ko‘zlab ishlashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar loyihalarni tezroq amalga oshirish va to‘lanadigan kompensatsiyalar hajmiga nisbatan xarajatlarni kamaytirish imkoni bo‘lsa, bu qurilayotgan uy-joyning arzonroq qiymatini ta’minlashga imkon beradi.

davron vahobov, ko‘chmas mulk, qurilish, renovatsiya, sherzod kudbiyev, urbanizatsiya qo‘mitasi

Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun

7-aprel kuni Oliy Majlis Senati “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.

“Bu, albatta, ixtiyoriylik, xususiy mulk daxlsizligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida joriy etiladi. Agar taklif kiritish uchun mulkdorlarning kamida 80% ining notarial tasdiqlangan roziligi talab etilsa, buzilish va qurilish ishlari 100% kompensatsiya to‘langandan keyingina amalga oshiriladi. Busiz renovatsiya ishlari amalga oshirilmaydi”, — dedi Erkin Gadoyev.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi dastlabki qonun loyihasida uy-joy mulkdorlarining 100% roziligini olish majburiyligi nazarda tutilgan edi. Shu bilan birga, investorlar yoki aholining o‘zlari tashabbus ko‘rsatishi uchun uy-joy egalarining kamida 80%ining notarial tasdiqlangan roziligi talab qilingan.

Joriy yilning mart oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida Senat renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarganini, biroq bu haqda jamoatchilikka e’lon qilinmaganini aytgandi.

“Senat [renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini palataga] qaytargan. Aholi roziligini 100% olishning iloji yo‘q-ku”, — deya shivirladi u Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga yuzlanib.

Sherzod Kudbiyev esa o‘shanda qurilish vaziridan hozircha renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aholi zarur qismining roziligini olish masalasini ko‘tarmaslikni so‘radi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytirilishi haqida yozgan edi.