O‘zbekistonda dollar kursi pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

21-apreldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 097,33 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 31 so‘m 13 tiyinga pasaydi.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

20-aprel kuni banklarda AQSH dollarining sotuv kursi 12 125−12 185 so‘m oralig‘ida shakllandi. Eng qulay sotuv kursini Asia Alliance Bank taklif qilmoqda. Eng qimmat AQSH valyutasini Universalbank xarid qilmoqda — 12 100 so‘m.

Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Yaqin Sharqdagi mojaro va mumkin bo‘lgan bilvosita ta’sir fonida regulyator uning inflyatsiyaga ta’sirini ehtiyotkorona monitoring qilib borishi kerakligini ta’kidladi. Joriy yilda O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsiyani 6,5% gacha pasaytirishni maqsad qilgan bo‘lsa, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bu ko‘rsatkichni 6,8% darajasida prognoz qilmoqda (ilgari — 6,5%).

Shu bilan birga, u agar inflyatsion xatar saqlanib qolsa, pul-kredit siyosati o‘zgarishi mumkinligini aytdi. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Markaziy bank uchun asosiy masala inflyatsiya emas, balki tashqi shoklarning inflyatsiyaga ta’sirini yumshatishga yordam beradigan erkin almashuv kursi rejimini saqlab qolishdir.

O‘tgan yilning bahorida XVJ Markaziy bankka ayirboshlash kursining moslashuvchanligini oshirish va uning keng doirada o‘zgarishiga yo‘l qo‘yishni tavsiya qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyani ta’minlaydi va pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytiradi. Hokimiyat maslahatni ijobiy qabul qildi, deya ta’kidladi tashkilot.

Avvalroq Spot Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir qilishi haqida yozgan edi.