Namanganda 4 kishini Haj ziyoratiga yubormoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Namangan shahrida yashovchi 42 yoshli shaxs Chust tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroni Haj-2026 mavsumida noqonuniy yo‘llar bilan Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilgan.

U buning evaziga $26 ming talab qiladi. Chustda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan puldan $6 mingni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yil 1-fevraldan boshlab Hajga borish Haj va Umra yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshirilmoqda.

Portal orqali navbatga qo‘yish, ziyoratchilar haqidagi ma‘lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, shuningdek, jarayonlarni monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi. Ziyoratchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni portalga kiritmasdan ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Spot, avvalroq, Toshkentda fuqarolarni umraga jo‘natishni vaʼda qilgan turfirma vakillari qo‘lga tushgandi.