Portativ lazerli nur tarqatgichlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilandi. Bu bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks da portativ lazerli nur tarqatgichlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun alohida javobgarlik choralari nazarda tutilgan.
Xususan, bunday qurilmalardan noqonuniy foydalanish huquqbuzarlik predmetlarini musodara qilgan holda BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Portativ lazerli nur tarqatgichlarni noqonuniy ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish yoki ularni O‘zbekistondan olib chiqish uchun esa ashyolar musodara qilinib, BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha) jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, ushbu qurilmalarni noqonuniy ravishda sotish yoki O‘zbekistonga olib kirish holatlarida huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinadi hamda BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi.
Qonun bilan birga mahalla huquq-tartibot maskanlari va tayanch punktlari faoliyatiga oid normalar ham yangilandi. Jumladan, ularning tarkibi hamda u yerda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlari aniqlashtirildi.
O‘tgan yilning dekabrida Senat ushbu qonunni ma’qullagandi.
Avvalroq 1-oktabrdan biznes jarimaning 50%ini bir oyda to‘lasa, qolganidan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.