O‘zbekistonda asosiy stavkani oshirish haqida gapirishga hali ancha erta. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yaqin Sharqdagi mojaro va mumkin bo‘lgan bilvosita ta’sir fonida regulyator uning inflyatsiyaga ta’sirini ehtiyotkorona monitoring qilib borishi kerak. Joriy yilda O‘zbekiston Markaziy banki inflyatsiyani 6,5% gacha pasaytirishni maqsad qilgan bo‘lsa, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bu ko‘rsatkichni 6,8% darajasida prognoz qilmoqda (ilgari — 6,5%).
“Menimcha, stavkani oshirish bo‘yicha gapirishga hali ancha erta. Bizda monetar siyosatning qat’iylik darajasi yetarli darajada yuqori deb hisoblayman. Biz bu yerda inflyatsiya bilan birga iqtisodiy o‘sish orasidagi muvozanatni saqlash borasida o‘ylashimiz kerak. Barcha masalalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan narsa — bu iqtisodiy o‘sish. Shuning uchun iqtisodiy o‘sish juda ham muhim”, — dedi Markaziy bank raisi .
Shu bilan birga, Ishmetov agar inflyatsion xatar saqlanib qolsa, pul-kredit siyosati o‘zgarishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Markaziy bank uchun asosiy masala inflyatsiya emas, balki tashqi shoklarning inflyatsiyaga ta’sirini yumshatishga yordam beradigan erkin almashuv kursi rejimini saqlab qolishdir.
O‘tgan yilning bahorida XVJ Markaziy bankka ayirboshlash kursining moslashuvchanligini oshirish va uning keng doirada o‘zgarishiga yo‘l qo‘yishni tavsiya qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyani ta’minlaydi va pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytiradi. Hokimiyat maslahatni ijobiy qabul qildi, deya ta’kidladi tashkilot.
Mart oyidagi yig‘ilishda Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator o‘z qarorida so‘nggi oylarda inflyatsiya jarayonlarining tezlashgani, shuningdek, inflyatsiyaga oid tashqi xatarlarni qayd etdi. Markaziy bank, agar inflyatsiyaning pasayish sur’atlari sekinlashsa, shartlarning qo‘shimcha ravishda qat’iylashtirilishini istisno qilmadi.
Avvalroq Spot Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekistonga ham ta’sir qilishi haqida yozgan edi.