Prezident 21-aprel kuni “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida"gi yangi tahrirdagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.

2001-yildagi amaldagi qonun o‘rnida ishlab chiqilgan ushbu hujjat MCHJlarni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish choralarini o‘z ichiga oladi, biznesning huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi va qonunchilikdagi bir qator bo‘shliqlarni bartaraf etadi. Hujjat 2025-yilning birinchi yarmida Qonunchilik palatasi, sentabrda esa Senat tomonidan ma‘qullangan.

Adliya vazirligi yangi qonunni xorijiy va mahalliy ekspertlar fikrlari, jamoatchilik takliflari hamda yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqdi. U 8 bob va 71 moddadan iborat.

Yangi qonunda MCHJ kuzatuv kengashining vakolatlari, uning a‘zolarini saylash tartibi hamda qarorlarni sirtdan ovoz berish orqali qabul qilish mexanizmi aniq belgilandi.

Shuningdek, kuzatuv kengashi a‘zolari, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ va kollegial ijro organlari uchun fidutsiar majburiyatlar joriy etildi.

Endilikda MCHJlar nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar yoki xabardor qilish tartibidagi faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Qonunda filial va vakolatxonalar, sho‘ba hamda qaram xo‘jalik jamiyatlarini ochish tartibi alohida modda sifatida mustahkamlandi.

Bundan tashqari, o‘z ulushini to‘liq qo‘shmagan ishtirokchilar, agar bu MCHJ faoliyatiga jiddiy to‘sqinlik qilsa, ijro organi arizasiga asosan sud orqali ishtirokchilar safidan chiqarilishi mumkin.

Ulushlar bo‘yicha nizolar sudda ko‘rilayotgan vaqtda ustav fondiga o‘zgartirish kiritishni cheklash imkoniyati ham nazarda tutilgan.

MCHJ istagiga ko‘ra, ustav kapitali hisobi shartnoma asosida Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan yuritilishi mumkin.

Shuningdek, minoritar ishtirokchilar qo‘mitasini tashkil etish, auditorlik tekshiruvlari qoidalarini takomillashtirish hamda affillangan shaxslar bilan bitimlarga oid normalar alohida bob sifatida kiritildi.

Mazkur qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan uch oy o‘tib kuchga kiradi.

Spot, avvalroq, kam ta’minlangan fuqarolar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lishi haqida yozgandi.