Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Tegishli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Ular muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda ushbu huquqdan foydalanadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan, Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga ko‘ra Konstitutsiyaviy sud tomonidan yuboriladi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sud ishlarida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi haqida yozgandi.
Sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi shakllantiriladi.