O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuk tashish uchun paromlarni ijaraga olish yoki sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 4-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari v.b. Shohrux G‘ulomov Samarqandda o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning o‘sishi tovar va yuk aylanmasining ortishiga olib kelayotgani sababli, mamlakat o‘zining parom flotini yaratish rejalaridan voz kechmayapti va bu boradagi kelishuvlarni ishlab chiqishda davom etmoqda.
Shuningdek, u avvalroq Transport vazirligiga Ozarbayjon, Turkmaniston va boshqa mamlakatlardagi hamkorlarni jalb qilgan holda paromlarni ijaraga olish yoki xarid qilish imkoniyatini o‘rganish topshirilganini aytdi.
Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari bu masalani qisqa muddatda hal qilib bo‘lmasligini, chunki parom qurilishi uchun 5−7 yil oldin buyurtma berish talab etilishini ta‘kidladi.
“Bu biz uchun yangi yo‘nalish, shu bois hozirda yuklarimizni tashish uchun Kaspiy dengizida o‘zimizning shaxsiy yoki ijaraga olingan flotimizga ega bo‘lish maqsadida ‘katta to‘rtlik‘ning yetakchi kompaniyalari va xususiy transport kompaniyalarimiz bilan hamkorlikda ishlayapmiz”, — dedi Shohrux G‘ulomov.
Vazir o‘rinbosarining aniqlik kiritishicha, parom flotidan Qozog‘iston va Turkmaniston portlaridan mahalliy yuklarni tashish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.
2025-yil iyul oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon Transport vazirliklari kemachilik va kemasozlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan edi.
O‘sha yilning avgust oyida O‘zbekiston va Turkmaniston kemasozlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
O‘shanda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston Kaspiy dengizida paromlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma‘lum qilgandi. Kaspiy bo‘ylab yuk tashish hajmining ortishi tufayli 30−40 kunga cho‘ziladigan tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Shaxsiy kemalarga ega bo‘lish o‘zbek yuklarini Kaspiy orqali o‘tkazishni tezlashtirishga imkon beradi.
“Turkmanistonda Ozarbayjondagi kabi kemasozlik zavodlari bor. Bugun biz ushbu korxonalarda kemalarni sotib olish masalasini tahlil qilish va ko‘rib chiqishga kelishib oldik. Barcha texnik jihatlarni ishlab chiqish kerak va imzolangan hujjat bizga texnik va tijorat masalalarini erkin hal qilish imkonini beradi”, — degan edi Mahkamov.
Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanishi mumkinligi haqida yozgandi.