Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgandi. 2026-yil iyul oyidan boshlab xususiy klinikalar bemorlarni budjet hisobidan davolashi, 2027-yil maydan esa a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) amaliyotini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Farmonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun institutsional tizimni qayta tashkil etish ham nazarda tutilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi etib qayta nomlanadi.
1-sentabrdan boshlab agentlik nodavlat tibbiy xizmatlarni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash sohasiga integratsiya qilish uchun mas’ul bo‘ladi. U davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kuzatib boradi va investitsiyalarni jalb qilish ustida ishlaydi.
Shuningdek, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi davlat tibbiyot muassasalarini strategik rivojlanish dasturlari bo‘yicha ishonchli boshqaruvga topshirishda ishtirok etadi. Agentlik sog‘liqni saqlash tizimi uchun master-rejani yaratish va uni takomillashtirish jarayonlariga ko‘maklashadi.
Agentlikning yana bir vazifasi tibbiyot sohasida mahalliy va xorijiy investorlarga “yagona darcha” modeli bo‘yicha konsalting va boshqa xizmatlarni tashkil etish bo‘ladi.
Ularga loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida uning huzurida ustav fondi 10 mlrd so‘m bo‘lgan Health Invest kompaniyasi ta’sis etilmoqda.
Bundan tashqari, prezident agentlik tarkibida Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish maxsus jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. U O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $10 mln, shuningdek, tibbiyot muassasalarini xususiylashtirish va ulardagi ulushlarning 20%ini oladi.
2026-yil yakunigacha tibbiyot muassasalari faoliyatini zamonaviy boshqaruv modellari asosida samarali tashkil etiladi va sinov tariqasida quyidagilar kompaniya boshqaruviga o‘tkaziladi:
- Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi;
- Bolalar milliy tibbiyot markazi;
- Milliy tibbiyot markazi davlat muassasalari;
- Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi hududi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi joriy etiladi. Uning doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot sohasi va unda xususiy sektorni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi.
Shuningdek, agentlik tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari va DXSH loyihalarini amalga oshirish uchun tibbiyot muassasalarini tanlaydi.
Agentlik tayyor investitsiya paketlarini shakllantiradi, investorlarni tanlaydi va ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatadi. Shuningdek, agentlik loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qiladi.
Health Invest agentlikka loyihalarni shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda ko‘maklashadi. Bundan tashqari, u boshqaruvga berilgan tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlardagi ulushlarni samarali boshqarishni ta’minlaydi.
Buning uchun unga buyurtmachi vazifasini bajaruvchi injiniring tuzilmalarini yaratishga ruxsat beriladi. Kompaniya va uning tarkibiga kiruvchi tibbiyot muassasalari o‘z ehtiyojlari uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan dori vositalari va tibbiy texnikalarni takliflar so‘rovi tartib-taomili bo‘yicha xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar davlat tibbiyot muassasalarini boshqarish samaradorligini oshirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
U klinikalarni korporativ boshqaruv tamoyillari asosida o‘zgartirishni, jumladan, kuzatuv kengashlarini tashkil etish, ularga mustaqil a’zolarni tayinlash va boshqaruv faoliyatini asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholashni nazarda tutishi kerak. Samarasiz muassasalarni qayta tashkil etish uchun xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda maktab va shifoxonalarni ta‘mirlash hamda qurish jamg‘armasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.