12−14 may kunlari CAExda Uzbekistan Energy Week 2026 xalqaro energetika forumi bo‘lib o‘tadi, unda Yevroosiyo mamlakatlaridan energetika sohasi vakillari, xalqaro kompaniyalar, investorlar, regulyatorlar va ekspertlar ishtirok etadi.

Forum O‘zbekiston neft va gazi 28-xalqaro konferensiyasi, 6-O‘zbekiston xalqaro energetika konferensiyasi, shuningdek, tarmoq ko‘rgazmalari va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘z ichiga oladi. Asosiy yo‘nalishlar qatoriga energetikani raqamlashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, uglevodorod kooperatsiyasi, energiya xavfsizligi, atom generatsiyasi va sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kiradi.

Dastur doirasida yalpi majlislar, strategik va texnik sessiyalar, B2B va G2B uchrashuvlari, kompaniyalar taqdimotlari hamda startaplar va yosh mutaxassislar uchun Youth Energy Section yoshlar seksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’ruzachilar va ishtirokchilar orasida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Huawei, Masdar, Acwa Power, Honeywell, EDF, Rosatom, Butunjahon yadro assotsiatsiyasi, S&P Global va boshqa xalqaro tashkilot va kompaniyalar vakillari bor.

Tadbir O‘zbekiston Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJ ko‘magida o‘tkaziladi. Ishtirok etish uchun forum veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.