IMDEA Networks instituti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan suhbatlar unchalik maxfiy emas.

Qayd etilishicha, ommabop sun’iy intellekt tizimlari — ChatGPT, Claude, Grok va Perplexity AI — Meta, Google, TikTok hamda boshqa kompaniyalarning turli trekerlaridan foydalanadi.

Bu holat esa foydalanuvchilarning suhbatlari va faolligi haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga olib kelishi mumkin.

Bir necha yil ichida sun’iy intellekt tizimlari keng tarqaldi va kplab odamlar ulardan sog‘liq, shaxsiy yoki kasbiy masalalar bo‘yicha nozik ma’lumotlarni ulashish uchun ishonchli yordamchi sifatida foydalanmoqdalar, chunki bu o‘zaro aloqalar maxfiyligicha qoladi.

Biroq, IMDEA Networks instituti mutaxassislari ogohlantiradi: bunday tasavvur aldamchi bo‘lishi mumkin. Sun’iy intellekt interfeysi biz har qanday narsa haqida gapirishga odatlangan oddiy ijtimoiy tarmoqni eslatishi mumkin bo‘lsa-da, uning ostida an’anaviy veb-ekotizimga o‘xshash, ya’ni tahliliy va reklama xizmatlari orqali ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlashga asoslangan texnik infratuzilma yashiringan.

Tadqiqot mualliflari sun’iy intellekt ishida uchta asosiy muammoni aniqladilar: suhbatlarga doimiy havolalarni uchinchi tomon kuzatuvchilariga uzatish, kuzatuv mexanizmlari orqali bu o‘zaro aloqalarni haqiqiy foydalanuvchilar bilan bog‘lash imkoniyati, shuningdek, haqiqiy ma’lumotlar oqimini aniq aks ettirmasligi mumkin bo‘lgan maxfiylik siyosatlarining mavjudligi.

Asosiy topilmalardan biri — foydalanuvchilar suhbatlari, jumladan, chatlar sarlavhalari, URL manzillari yoki bog‘liq metama’lumotlar haqidagi axborotning cookie-fayllar va boshqa identifikatorlar bilan birga Meta yoki Google singari uchinchi tomon trekerlariga uzatilishi ehtimolidir.

“Ayniqsa, ba’zi hollarda kirish nazoratining zaifligi yoki umuman yo‘qligi shundan dalolat beradiki, suhbat havolasining o‘ziyoq uning mazmunidan foydalanish imkonini berishi mumkin. Bu esa chatlarni barcha uchun, jumladan, URL manziliga ega bo‘lgan trekerlar uchun ham ochiq qilib qo‘yadi”, — deya ta’kidlaydi IMDEA Networks instituti ilmiy xodimi Narseo Valina-Rodriges.

Gilermoning qo‘shimcha qilishicha, Grok va Perplexity uchinchi tomon kuzatuvchilariga, jumladan, Meta Pixelga kirish nazorati zaif bo‘lgan suhbatlar URL manzillarini yuboradi. Grok hatto TikTok tomonidan to‘plangan Open Graph metama’lumotlari orqali xabarlarning so‘zma-so‘z matnini ham ochib beradi.

Olimlar, shuningdek, sun’iy intellekt tizimlaridagi faollikni foydalanuvchilarning haqiqiy shaxsiyati bilan bog‘lash mexanizmlarini aniqladilar.

Identifikatorlar kombinatsiyasi — cookies, xeshlangan elektron pochta manzillari va serverni kuzatish usullari — doimiy profillarni yaratish va foydalanuvchilarni qayta identifikatsiyalashga yordam berishi mumkin.

Huquqiy nuqtai nazardan, muammo ikki xil xususiyatga ega: bir tomondan, bunday ma’lumotlar almashinuvi uchun aniq huquqiy asosning yo‘qligi, ikkinchi tomondan, foydalanuvchilarning yetarli darajada xabardor emasligi.

“Maxfiylik siyosatlari reklama trekerlaridan foydalanish va „biznes hamkorlari“ bilan ma’lumot almashishni tan oladi, ammo hech qachon ulashilgan ma’lumotlarning bir qismi foydalanuvchilarning haqiqiy suhbatlari ekanligini aniq ko‘rsatmaydi”, — deydi Suares-Tangil.

Tadqiqot mualliflari generativ sun’iy intellekt tizimlarida shaffoflik va ma’lumotlarni himoya qilishni kuchaytirish zarurligini ta’kidlaydilar.


Avvalroq Nvidia rahbari sun’iy intellekt odamlar o‘rnini bosmasligi, balki ularni boshqarishi haqida aytgandi.