Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda British Petroleum kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasida yetakchilardan hisoblangan ushbu yirik kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Energetika sohasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. SOCAR Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistonning sherigi hisoblanadi.

SOCAR‘ning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu keng ko‘lamli loyihaga British Petroleum kompaniyasi qo‘shilganiga yuksak baho berildi.

Neft-gaz sohasida uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish hamda tarmoq uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Spot, avvalroq, yil boshidan buyon O‘zbekistonda 3 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.