BP kompaniyasi Ustyurt platosidagi neft-gaz konlarini o‘zlashtirishga qo‘shilish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
13-may kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekneftgaz rahbari Abdulg‘ani Sanginov, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi prezidenti Ravshan Najaf hamda BP‘ning Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Jovanni Kristofoli bilan uchrashdi. Muzokaralar O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi yangilangan bitim imzolandi. U Ustyurt platosi hududidagi Bayterak, Terenquduq, Birqori, Xaroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.
Loyiha ishtirokchilarining ulushlari quyidagicha taqsimlandi: BP — 40%, O‘zbekneftgaz va SOCAR — har biri 30%.
Tomonlar Ustyurtning energetika resurslarini o‘zlashtirish loyihasi O‘zbekistonning uzoq muddatli manfaatlarini ta‘minlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi. O‘z navbatida, bu BP uchun portfelni kengaytirish va uzoq muddatli o‘sish strategiyasining “muhim qismi"ga aylanadi.
2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va Ozarbayjonning SOCAR davlat kompaniyasi neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolagan edi. O‘shanda tomonlar Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlari boshlanganini e‘lon qilgandi.
Energetika vazirligi va O‘zbekneftgaz qariyb bir yil o‘tib, 2025-yil iyul oyida SOCAR bilan Ustyurtda mahsulotni taqsimlash to‘g‘risida bitim tuzdi. Hujjatda kamida 1000 kv. km maydonda 3D seysmik qidiruv va bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yilning noyabrida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov BP bilan Ustyurt bo‘yicha mahsulotni taqsimlash bitimida ishtirok etish yuzasidan dastlabki muzokaralar haqida gapirgandi. U “mintaqadagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri” sanaladigan ushbu loyihaga transmilliy korporatsiyaning qiziqishi borligini ta‘kidlagan.
O‘zbekneftgaz rahbarining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyevning ma‘lum qilishicha, Ustyurt tumanida SOCAR va British Petroleum (BP) bilan hamkorlikda konlarni o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish allaqachon boshlangan. Ishlarning borishi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda birinchi chorakda neft, gaz va ko‘mir qazib olish sezilarli darajada kamaygani haqida yozgandi.
