Texas hukumati Netflix kompaniyasini foydalanuvchilarni kuzatgani uchun sudga berdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Shtat bosh prokurori Ken Pakstonning ta’kidlashicha, striming xizmati noqonuniy ravishda shaxsiy ma’lumotlarni to‘playdi.

Pakstonning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hatto bolalarning profillari orqali ularni kuzatadi.

“Netflix'ning pirovard maqsadi oddiy va daromadli: bolalar va oilalarni ekranlarga mixlab qo‘yish, ular ekran qarshisida o‘tirgan vaqtda ma’lumotlarini yig‘ish, so‘ngra bu ma’lumotlarni monetizatsiya qilib, katta foyda ko‘rish”, — deyiladi Texas shtati tomonidan Dallas yaqinidagi Kollin okrugi sudiga kiritilgan shikoyat arizasida.

“Siz Netflix tomosha qilayotganingizda, u sizni kuzatib boradi”, — deya qo‘shimcha qilinadi arizada.

Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Netflix yillar davomida iste’molchilarni aldab kelgan: platforma ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikka va’da bergan, biroq ularni yashirincha reklama beruvchilarga sotgan.

Bundan tashqari, xizmat “qorong‘u naqshlar"dan foydalanishda ayblanmoqda. Da’voga ko‘ra, avtomatik ijro kabi funksiyalar tomoshabinlarda qasddan qaramlikni keltirib chiqaradi.

Pakstonning ta’kidlashicha, Netflix tomonidan amalga oshirilayotgan bu taxminiy kuzatuv Texas shtatining insofsiz savdo amaliyotlari to‘g‘risidagi qonunini buzadi.

U kompaniyadan noqonuniy yig‘ilgan ma’lumotlarni o‘chirishni, ushbu ma’lumotlardan foydalanuvchilarning roziligisiz maqsadli reklama uchun foydalanmaslikni hamda har bir qoidabuzarlik uchun $10 minggacha bo‘lgan fuqarolik jarimalarini to‘lashni talab qilmoqda.


Avvalroq Spot Tesla Cybertruck egasi avtopilot bilan bog‘liq avariya tufayli kompaniyani sudga bergani haqida yozgandi.

Avtomobil egasi Texasdagi jiddiy avariyadan so‘ng kompaniyaga qarshi $1 mlndan ortiq miqdorda da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.