O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar qo‘shma ilmiy sun’iy yo‘ldoshni 2027-yilda uchiradi. Bu haqda 13-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekkosmos agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda TDT doirasida 12U OTS-Sat Cube sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish jarayoni amalga oshirilmoqda. Asosiy ishlar Qozog‘iston poytaxti Ostonada joylashgan, kosmik texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Ghalam kompaniyasida olib borilmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshning elektr dvigatelini ishlab chiqmoqda, boshqa davlatlar esa uni yig‘ishda qatnashadi.

“Dvigatel kichik bo‘lishiga qaramay, sun’iy yo‘ldoshning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. U raketadan ajralgandan so‘ng yo‘ldoshni belgilangan orbitaga olib chiqish va manyovr qilish — chapga, o‘ngga yurish, tepaga, pastga tushishiga javob beradi. Bu bo‘yicha ishlar davom etyapti. Xudo xohlasa, joriy yil oxirigacha sun’iy yo‘ldoshni yig‘ish ishlari yakunlanishi kerak. Hozirda integratsiya jarayoni ketyapti. Sun’iy yo‘ldoshni kelgusi yil uchirishni reja qilganmiz”, — dedi Muhiddin Ibragimov.

Shu bilan birga, agentlik direktori o‘rinbosari o‘zbekistonlik mutaxassislar hozirda Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjon mutaxassislari bilan birgalikda ishlayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, yo‘ldoshni uchirish masalasi ko‘proq asosiy integratsiyaga javob beruvchi tomon — Qozog‘istonga bog‘liq. Ibragimov bu bo‘yicha yana qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini bildirdi.

2025-yil boshida O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh uchirishi ma’lum bo‘lgandi. Joriy yilning mart oyi oxirida Toshkentda TDT mamlakatlari tomonidan ishlab chiqilgan birinchi texnologik sun’iy yo‘ldoshning prototipi taqdim etildi.

Kosmik apparat 12U XL nanosun’iy yo‘ldosh platformasi asosida qurilmoqda. O‘lchamlari 226,3×226,3×366 mm bo‘lib, taxminiy og‘irligi 16 kilogrammni tashkil etadi. Sun’iy yo‘ldosh 550 km balandlikdagi quyosh-sinxron orbitada ishlaydi va xizmat muddati ikki yil etib belgilangan. Ma’lumotlarni uzatish esa soniyasiga 50 Mbitgacha tezlikka ega X-band aloqa kanali orqali amalga oshiriladi.

Loyiha maqsadi TDT davlatlari uchun mintaqaviy Yer kuzatuvi, orbitadagi texnologiyalarni namoyish etish va kelgusi missiyalar uchun tajriba yaratishga qaratilgan. Tashkilotga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida parvoz modeli sinovlarini o‘tkazish, 2027-yil iyul oyida esa sun’iy yo‘ldoshni uchirish rejalashtirilgan.

Kosmik apparat tarkibida to‘liq missiya uchun zarur bo‘lgan asosiy quyi tizimlar mavjud: foydali yuk, bort ma’lumotlarini boshqarish tizimi, oriyentatsiyani aniqlash va boshqarish tizimi, aloqa tizimi, elektr ta’minoti tizimi hamda harakatlantiruvchi qurilma.

Avvalroq Spot bosh vazir Abdulla Aripov 2026-yilda O‘zbekistonda sun‘iy yo‘ldosh interneti ishga tushirilishini ma‘lum qilgani haqida yozgan edi.