16−18-iyun kunlari poytaxtda investitsiyalar, sanoat, raqamli iqtisodiyot, energetika va xalqaro hamkorlikka bag‘ishlangan mintaqadagi eng yirik biznes maydoni — Toshkent xalqaro investitsiya sammiti bo‘lib o‘tadi.
Dasturdan panel munozaralari, investitsiyaviy taqdimotlar, biznes-nonushtalar hamda B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar o‘rin olgan. Ishtirokchilar sun’iy intellektni rivojlantirish, islom moliyasi, transport yo‘laklari, qayta tiklanuvchi energetika, xususiylashtirish, kapital bozorlari va kreativ sohalarni muhokama qiladi.
Ishtirokchilar orasida YTTB, Franklin Templeton, Rothschild & Co, Citibank, Masdar, ACWA Power, Coca-Cola, Wildberries, Yandex Uzbekistan, Uzum va boshqa xalqaro kompaniya hamda tashkilotlar vakillari bor.
Alohida sessiyalar sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmaga sarmoya kiritishga bag‘ishlanadi. Muhokamalarda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov, shuningdek, Uzum, Wildberries, UZCARD va xalqaro texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Xorijiy investorlar kengashining ESG mukofotini topshirish marosimi, Silk Road Night Run tungi yugurish marafoni hamda Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Xitoy va SHHT mamlakatlari bilan xalqaro investitsiyaviy muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
21-apreldan boshlab ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi $500'ni tashkil etadi.