24−25-iyul kunlari IT Park Uzbekistan Toshkentda global biznes servislar, raqamli autsorsing va IT-xizmatlar eksportini rivojlantirishga bag‘ishlangan Global Business Services Forum 2026 xalqaro forumini o‘tkazadi.

Forum BPO, KPO va IT-kompaniyalar vakillarini, operatsion rahbarlarni hamda Markaziy Osiyoni yangi o‘sish nuqtasi sifatida ko‘rayotgan xalqaro biznesni bir maydonga jamlaydi.

Dastur doirasida ishtirokchilar sun’iy intellekt ta’sirida global servislar bozorining transformatsiyasi, raqamli va back-office yechimlarning rivojlanishi, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy texnologik xab sifatidagi ortib borayotgan rolini muhokama qiladi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda xalqaro kompaniyalar mamlakatimizda servis ofislarini faol ochmoqda, jamoalarini kengaytirmoqda va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun O‘zbekistondan platforma sifatida foydalanmoqda. Yosh va ko‘p tilli IT-ekotizim hamda raqamli biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari o‘sishning asosiy omillaridan biri sifatida qayd etilmoqda.

An’anaviy soha anjumanlaridan farqli o‘laroq, ushbu forum operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishning amaliy jihatlariga qaratilgan. Dasturdan strategik muhokamalar, biznes ochish bo‘yicha vorkshoplar, huquqiy va infratuzilmaviy masalalar yuzasidan munozaralar, davlat va biznes vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, mahalliy texnologik kompaniyalarga tashriflar o‘rin olgan.

Forumning barcha sessiyalari ingliz tilida bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.