Xavfni tahlil etish elektron tizimini joriy etish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi.

Xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik maʼlumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan maʼlumotlardan foydalaniladi.

Xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat va maʼlumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xavf darajasini baholash isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari va tovar-xom ashyo birjalari faoliyati, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.

Huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.

Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir choralari qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.

26-iyun kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yashirin iqtisodiyot xavfini baholovchi platforma ishga tushirilishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, 1-sentabrgacha xavfsiz hududlarga ko‘chiriladigan “zaprakalar” ro‘yxati tuzilishi haqida yozgandi.