Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Hozirda yillik aylanmasi 500 mlrd so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 mlrd so‘mdan oshgani 194 nafarga, 50 mln so‘mlik marradan o‘tganlari esa 68 nafarga yetgani taʼkidlandi.

Endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha aql markazi sifatida belgilanadi. Bundan buyon akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashadi va tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi.

Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi tayyor loyihani biznes rejasi bilan qulay shartda yoshlarga taklif qiladi. Jamg‘arma yoshlarning yuqori daromad keltirib, ko‘plab ish o‘rni yaratadigan loyihalariga 5 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritadi.

Eng yaxshi loyihalar akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyiha mualliflari hududiy bank rahbari va hokimlarning iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga eng birinchi nomzod bo‘ladi.

Ushbu tizim kamida 300 ming yoshga o‘z biznesini boshlashi uchun yo‘l ochadi.

“Biz 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini $240 mlrddan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak”, — dedi davlat rahbari.

So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, $4 mlrddan oshdi. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali $200 mlnga yetdi. O‘tgan davrda 1 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘ldi. Ayni yo‘nalishda 3 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromad topyapti.

Hali bu sohada juda katta imkoniyatlar borligi taʼkidlandi. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar 1 mingta masalaga — yoshlardan 1 mingta yechim loyihasini ishga tushiradi.

Bunda har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformada joylashtirib, eng yaxshi yechimlar uchun mukofot eʼlon qiladi. Buning uchun har bir vazir va hokim kamida 10 mlrd so‘mlik venchur jamg‘arma tashkil etadi.

Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni mukofotlash va 20 tadan eng yaxshi startapni g‘oyadan amaliyotgacha barcha bosqichlarni moliyalashtirishga sarflanadi.

Yoshlar agentligi biznes, AT, kreativ iqtisodiyot yo‘nalishida 100 ta eng yaxshi loyihani tanlab, ularga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Yoshlar ligasi platformasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.