Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha o‘nlab xizmatlar mavjud. Bu xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun Yoshlar xablari tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi.

Hozirda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Shundan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlamoqda.

“Salohiyatli yoshlarimiz juda ko‘p. Vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas‘uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerak”, — dedi prezident.

Shu maqsadda yosh liderlarni aniqlash bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda TOP-100 dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida “yangi iqtisodiyot”, AT va sun‘iy intellekt, ta‘lim, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yurtimizdagi yoshlar hamda chet eldagi vatandoshlar uchun ochiq tanlov e‘lon qilinadi.

Har ikki yilda bir marta o‘tadigan mazkur tanlovning 100 nafar g‘olibi 50 mln so‘mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.

Har bir vazirlik va tarmoq o‘z yo‘nalishida TOP-100 iqtidorli yoshlar dasturini boshlaydi va o‘z yo‘nalishidagi xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi.

Mutasaddilarga yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha rejani tasdiqlash va ijrosini ta‘minlash topshirildi.

O‘zbekiston yoshlar ligasi platformasi ishga tushiriladi. Yoshlarimiz o‘z natijasini platformaga kiritadi. Bu ma‘lumotlar vazirliklar tomonidan o‘rganiladi va yoshlarga ball beriladi.

Yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarimizga ta‘limda grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri beriladi, xorijda o‘qish puli qoplanadi. Tadbirkorlikda imtiyozli kredit olish, akselerator dasturida qatnashish imkoni yaratiladi.

Ish joyida xorijiy stajirovka tashkil etiladi, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritiladi, uy-joy olishda imtiyozli ipoteka ajratiladi.

Yil yakunida eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar tantanali taqdirlanadi.

“Umuman, O‘zbekiston yoshlar ligasi barcha maktab va texnikum o‘quvchilari, o‘zimizda va xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan va ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan yigit-qizlarimiz, davlat va xususiy sektorda ishlayotgan yoshlarimiz, chet eldagi vatandoshlarimizning farzandlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida birlashtiradigan umummilliy harakatga aylanadi”, — dedi prezident.

Spot, avvalroq, oliygoh bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlar uchun 1%lik soliq stavkasi joriy etilishi haqida yozgandi.