Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
8-iyul kuni vazir Laziz Kudratov BYD kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Cao Shuang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish loyihasining bugungi natijalari muhokama qilinib, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini hamda korxonaning eksport salohiyatini oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirish, eksport hajmlarini ko‘paytirish hamda respublika hududida tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini barpo etish masalalariga e’tibor qaratdi.




Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonda BYD loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va “barqaror rivojlanishini ta’minlashga sodiqlikligi"ni bildirdi.
Aprel oyida O‘zbekiston Qozog‘istonga BYD elektromobillarini eksport qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi. Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev joriy yildan avtomobillarni yetkazib berish uchun qiymati $15 mlnlik kelishuvlar tuzilganini aytdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektromobillar soni 109,2 mingtaga yetgani haqida yozgan edi.



