Avvalroq, 24-aprel kuni prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hududdagi sektor rahbarlari Toshkentga tashrif buyurib, poytaxt tumanlarining infratuzilma tajribasini o‘rganganini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining Axborot 24 dasturida so‘z boradi. Mustafoyev davlat rahbariga 90% ishlar amalga oshirilganini ta’kidlab, birinchi yarim yillik yakuni bilan Jizzax shahri misolida ishlar natijasini ko‘rsatishga va’da berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax oxirgi o‘n yilda agrar viloyatdan, sanoat viloyatiga aylangan. Infratuzilma hamda investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida, hududda sanoat keskin rivojlanib, yalpi hududiy mahsulot hozirda 50% dan oshib, 60% ga yaqinlashdi. Hokim hali kamchiliklar va qilinadigan ishlar ko‘pligini, sanoat zonalarida ishlatilmagan imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
“Birinchi navbatda, Andijon viloyatidan keyin, Jizzax viloyati avtomobil xabiga aylandi. 27-aprel kuni yangi Kia avtomobili modelining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu yildan boshlab chet elga eksportni amalga oshirish uchun $15 mlnga shartnoma tuzilgan”, — dedi u.
Ulug‘bek Mustafoyev Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory zavodi birinchi marta Qozog‘istonga elektromobil eksport qilishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, avtomobillarni Termiz shahriga joylashtirish, shu bilan birga, Afg‘onistonga ham yetkazib berish ko‘zda tutilgan. “Sanoatni har bir tumanga, chekka-chekka hududlarga ham olib kirishga harakat qilyapmiz”, — deya xulosa qildi hokim.
27-aprel kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati Jizzaxda yangi Kia K3 avtomobili ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. ADM Jizzakh zavodida xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilishi boshlangan modelni aprel oyi oxirida bozorga chiqarish rejalashtirilgan.
Yaqinda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Afg‘onistonda yiliga 250−300 ming avtomobilga talab mavjudligini, bu O‘zbekiston uchun katta eksport imkoniyatini yaratishini qayd etgandi.
Avval avtomobillar AQSH va Yaponiyadan uzoq yo‘l orqali yetkazilgan bo‘lsa, hozirgi vaziyatda O‘zbekistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish mumkin. SSP yiliga 100 mingtagacha avtomobil eksport qilish salohiyati borligini bildirgan. Asosan arzon segment — Matiz, Spark, Onix, Tracker va Lacetti modellari taklif etilmoqda.
Avvalroq Spot mart oyida O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 24% ga oshgani haqida yozgan edi. Barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 19% ga oshib, 78 mingdan ortiqni tashkil etdi.
