Mart oyi yakunlariga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 19% ga ko‘p. Yillik hisobda esa savdo hajmi 20,6% ga oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Hududlar kesimida qaralganda, mamlakat hududlarining aksariyatida faollik oshgan. Faqat uchta hududda — Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida pasayish kuzatilgan.
Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda savdo hajmi 51,4% ga oshgan. Shuningdek, Toshkent viloyatida ham yuqori o‘sish kuzatilib, 46% ni tashkil etgan.
Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida ham sezilarli o‘sish qayd etilgan, ularda savdo hajmi mos ravishda 34,5% va 27,5% ga oshgan.
Toshkent shahrida bir oy ichida avtomobil bozorida faollik 60,5% ga oshgan.
Birlamchi avtomobil bozori
Mart oyida yangi yengil avtomobillar savdosi qariyb 31 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 13% dan ortiqqa oshgan. Yillik hisobda o‘sish 37% ni tashkil etgan.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida savdo hajmi 25 mingtaga yetgan. Bu bir oyda 3,8% ga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 26,5% ga o‘sgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida esa o‘sish yanada jadal bo‘lgan. Mart oyi yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi o‘tgan oyga nisbatan qariyb 2 baravarga oshib, 5,7 mingtaga yaqinni tashkil etgan. Yillik hisobda ham bu segmentda faollik 2 baravardan ortiqqa o‘sgan.
Mart oyida ikkilamchi bozordagi yengil avtomobillar savdosi 47,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 23% ga oshgan. Yillik hisobda o‘sish 12% ni tashkil etgan.
Elektromobillar bozori
Mart oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda elektromobillar savdosi 5,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24% ga oshgan.
Mamlakat bo‘yicha 8 ta hududda o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, 4 ta viloyatda pasayish qayd etilgan.
Eng yuqori o‘sish Xorazm viloyatida kuzatilib, bu yerda savdo 5 baravarga oshgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida 2,9 baravar va Farg‘ona viloyatida 2,2 baravar o‘sish qayd etilgan.