O‘zbekistonda ko‘mir narxi davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingach o‘rtacha 2,1 baravarga oshdi. Bu Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida qayd etilgan.

1-iyundan boshlab ko‘mir narxi davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari ro‘yxatidan chiqarildi. Endilikda narxlar bozor talabi va taklifi asosida shakllanadi, savdo esa birja orqali amalga oshiriladi. Yangi tartib natijasida ko‘mir narxi keskin oshdi.

Davlat tartibga soluvini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror 26-may kuni Shavkat Mirziyoyevga tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov taqdim etgan hisobot yakunlari bo‘yicha qabul qilingan. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, narxlarni ma’muriy belgilash ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, investitsiyalarni kiritish hamda qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatgan.

Qayd etilishicha, yangi yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit ta’minlash hamda ishlab chiqaruvchilarni qo‘shimcha hajm va sifat uchun rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Issiqlik elektr stansiyalari va yirik iste’molchilar ko‘mirni “taklif so‘rovi” tartibi asosida, tegishli davrdagi o‘rtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Shu fonda 2026-yilning yanvar-may oylarida ko‘mir qazib olish hajmi 1,6 mln tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (2,5 mln tonna) nisbatan 36% ga kamaydi. Bu 2024-yilning shu davriga (1,9 mln tonna) nisbatan 15,8% ga past ko‘rsatkichdir.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qilishicha, qazib olish hajmining kamayishi sohadagi inqiroz bilan emas, balki omborlardagi yuqori zaxiralar bilan bog‘liq. 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekko‘mir omborlarida 2,3 mln tonna ko‘mir mavjud bo‘lgan. 1-iyunga kelib qoldiq 1,2 mln tonnagacha kamaydi.

“Ko‘mir sanoati korxonlari tomonidan qazib olish ko‘rsatkichlari respublika iste’molchilarining ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan haqiqiy talabidan hamda ombordagi ko‘mir qoldiqlarini hisobga olib amalga oshirilgan”, — deya tushuntirdi vazirlik.

Shuningdek, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, korxonalar 3,3 mln tonna yoki rejaga nisbatan 100% (o‘sish 0,5%) qazib olishni ta’minladi.

2025-yilda 16 ta tadbirkor tomonidan 1,416 mln tonna ko‘mir qazib olinib, iste’molchilarga yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 80% dan ko‘proqqa oshirib, 2,554 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston davlat budjeti birinchi yarim yillikni $150 mln profitsit bilan yakunlagani haqida yozgan edi.