O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkentda pulli avtomobil to‘xtash joylari uchun to‘lov qilmaganlikka ma’muriy jarima joriy etishni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha munosabat bildirdi.

Partiya ushbu taklifni bir nechta sabablarga ko‘ra qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda. Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi qonunchilik tashabbusi kiritish huquqiga ega emas, chunki Konstitutsiyaga ko‘ra, bunday huquq faqat belgilangan subyektlarga tegishli.

Shuningdek, partiya pulli parkovka uchun to‘lov qilmaslik fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanishini, shu sababli bunday holat uchun ma’muriy javobgarlik belgilash qonunchilikka zid ekanini ta’kidladi.

Bu vaziyatda esa ma’muriy javobgarlikni nazarda tutish emas, balki qonunchilikda belgilangan tartibni qo‘llash — to‘lanmagan mablag‘ni parkovka operatori sud orqali undirish chorasini ko‘rishi lozim.

Bundan tashqari, jarimalar davlat organi tomonidan faqat ommaviy va umumiy manfaatlarni himoya qilish uchun qo‘llanilishi mumkin. Tijoriy tuzilma daromadlarining undirilishini kafolatlash uchun davlatning majburlov kuchidan foydalanish huquqiy davlat prinsiplariga zid ekanligini qayd etdi XDP.

Shuningdek, partiya hokimlikning pulli parkovkalardan foydalanayotgan haydovchilarning atigi 2−3%i to‘lov qilayotgani haqidagi iddaosi haqiqat ekanligiga jamoatchilikda katta shubha borligini bildirdi. XDP parkovkalar bo‘yicha tushumlar va to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar hozirgacha ochiqlanmaganini qayd etdi.

“Xalq demokratik partiyasi ijro hokimiyati idoralarini jazolash va jarima undirish bilan emas, balki aholiga munosib sharoit yaratish bilan shug‘ullanishga chaqiradi”, — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar hokimligi yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga BHMning ikki baravari — hozirgi hisobda 824 ming so‘m (1-sentabrdan 880 ming so‘m) miqdorida jarima belgilashni taklif qildi.

Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, u 28-iyulgacha muhokama qilinadi. Taklif faqat davlat tasarrufidagi yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlarga nisbatan qo‘llanadi va shlagbaumli xususiy avtoturargohlarga tatbiq etilmaydi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtdagi pulli avtoturargohlardan kuniga o‘rtacha 15 ming haydovchi foydalanadi, biroq ularning atigi 2−3%i xizmat haqini to‘laydi. Natijada har kuni qariyb 14,6 ming, yiliga esa 5 mlndan ortiq holatda pulli parkovkadan to‘lovsiz foydalanish qayd etilayotgani ta’kidlanmoqda.

Avvalroq Korzinka supermarketlar tarmog‘i Toshkentning turli tumanlarida pulli avtoturargohlar tashkil etish uchun 36 ta yer uchastkasini sotib olgani haqida xabar berilgandi.