Raqobat qo‘mitasi Tashabbusli budjet loyihasi doirasida tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali ovoz evaziga pul mukofoti va’da qilinayotgan reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim blogerlar uchinchi shaxslar manfaatini ko‘zlab, norasmiy botlar orqali haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Reklamalarda “rasmiy” iboralari hamda Ochiq budjet portaliga o‘xshash logotiplardan foydalanilgani fuqarolarni chalg‘itishi mumkinligi qayd etildi.
Tashabbusli budjetda ovoz berish faqat Ochiq budjet axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ovoz berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.
Qo‘mita norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, avvalroq utkir_shodmonov (O‘tkir Shodmonov), Mominlive.1 (Abdurasul Ibrohimov), Aslbek_emir (Asilbek Amirov) va jasjannew (Jasur Shodiyev) kabi blogerlar tomonidan bunday reklamalar tarqatilgani aniqlanib, ularga ogohlantirish va tushuntirishlar berilgani hamda reklamalar olib tashlangani ma’lum qilindi.
Raqobat qo‘mitasi Tashabbusli budjet jarayonlari ustidan monitoring davom ettirilishini, norasmiy botlar, pul evaziga ovoz berish yoki fuqarolarni chalg‘ituvchi reklama holatlari aniqlansa, qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.
Avvalroq Spot bloger Nurbek Sobirov alkogol reklamasi uchun javobgarlikka tortilgani haqida yozgan edi.