Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

Surxondaryo viloyatiga 2026-yilda qo‘shni davlatlar ishtirokida $3 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma’lum qildi.

“O‘n yil oldin bu gapni eshitgan odam, to‘g‘risi, Surxondaryoga uch tiyin olib kelish tugul, olib yurish ham mumkin emasligini o‘ylaydi”, — dedi u.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yaratilgan sharoitlar tufayli sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalari faol rivojlanmoqda. U transport va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish haqida ham gapirdi. M-41 trassasida tender yakunlandi, Boysun-Denov yo‘li qurilishi davom etmoqda.

Shuningdek, Surxondaryoning uzoq yillik muammolaridan biri bo‘lgan To‘palang suv tizimi bo‘yicha ishlar ham davom ettirildi. Qosimovning ta’kidlashicha, prezident topshirig‘i asosida tizim Sherobod tumanigacha yetkazilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud aholisi tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olingan.

Viloyatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida avvalgi tashrif davomida 42 ta loyihaga $6,7 mlrd miqdorida start berildi. Hozir ushbu loyihalar doirasida 2 trln so‘mlik obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, chegaraoldi harakatining o‘sishi Sariosiyo va Denov tumanlarida xizmatlar va turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Har kuni 3 mingga yaqin tojikistonlik chegarani kesib o‘tadi.

“Sariosiyo, Denov tumanining xizmat ko‘rsatishlari, turizm shuning orqasidan shunday qaynayapti”, — dedi viloyat hokimi.

Qosimovning aytishicha, prezident tomonidan berilgan topshiriq asosida Surxondaryoda yetishtiriladigan mahsulotlarni qayta ishlash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Xususan, xurmo va anjirni qayta ishlash korxonalari qurib bitkazilgan. Loyihada mahsulotni yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq siklni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Qosimov bu jarayonda Agrobank va tadbirkorlar ham ishtirok etayotganini ta’kidladi. Uzun tumanida xurmo yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bunda tumandagi xonadonlarda xurmo yetishtirishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida ham tadbirkorlik faolligi oshgan. U davlat rahbarining Xivadagi tadbirkorlar bilan uchrashuvida berilgan yangi imkoniyatlar ham biznes vakillarini rag‘batlantirganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev esa Surxondaryoda 2025−2026-yillarda amalga oshirilgan ishlarni alohida qayd etdi. Prezidentning ta’kidlashicha, viloyatda barcha sohalarda sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Davlat rahbari uchun eng muhim natijalardan biri — odamlarning ongi va qarashlari o‘zgarayotgani ekanini aytdi.

“Agar 2025−2026-yillarni olsak, Surxondaryoliklar yili bo‘ldi desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi. Hamma sohada juda keskin o‘zgarishlar bo‘ldi, menga eng ko‘p yoqqani odamlarning ongi o‘zgaryapti. Denovda qilingan ishlarni ko‘rib, haqiqatan 10 yil oldin yopiq shahar edi. Kanalizatsiyasi yo‘q, suvi yo‘q. To‘palangdan suv olib kelishni 30 yil emas, 50 yil oldin qilsa bo‘lardi. Lekin biz siyosiy iroda bilan qilganmiz, yillar o‘tadi, lekin odamlarning sog‘lig‘i o‘zgaradi. Umuman, ichimlik suvida juda katta inqilobiy reja qilgan edik, natija ham bo‘ldi”, — dedi Mirziyoyev.

Spot, avvalroq, Jizzax viloyati bu yil $2,7 mlrd investitsiya jalb qilishi haqida yozgandi.