O‘zbekiston davlat budjeti 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyini profitsit bilan yakunladi. Bu haqda Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligining o‘rgangan kunlik ma’lumotlaridan kelib chiqib xabar berdi. Vazirlik matbuot xizmati ushbu ma’lumotlarning to‘g‘riligini tasdiqladi.

Yanvar-sentabr oylarida davlat budjeti daromadlari 336,8 trln so‘mni, xarajatlari esa 310 trln so‘mni tashkil etdi. Budjet profitsiti 26,8 trln so‘mga yoki $2,28 mlrd dan ko‘proqqa yetdi.

Yanvar va fevral oylarida budjet mos ravishda 1,47 trln va 986 mlrd so‘mlik taqchillik bilan yakunlangan. Mart oyida daromadlar xarajatlardan 10,17 trln so‘mga oshgan.

Aprel va may oylarida yana 707 mlrd va 7,95 trln so‘mlik taqchillik qayd etilgan. Iyun oyida esa budjet 2,75 trln so‘mlik profitsit bilan yakunlangan. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, daromadlar xarajatlardan 1,8 trln so‘mga oshgan.

Uchinchi chorakda budjet har oy profitsit bilan yakunlangan. Iyul-sentabr oylarida daromadlar 129,4 trln so‘mni, xarajatlar 104,4 trln so‘mni, profitsit esa 25 trln so‘mni tashkil etgan.

Iyul oyida daromadlar 42,8 trln, xarajatlar 36,3 trln so‘m; avgustda mos ravishda 37,8 trln va 34,8 trln so‘m; sentabrda esa 48,8 trln va 33,1 trln so‘m bo‘lgan. Profitsit mos ravishda 6,42 trln, 2,98 trln va 15,64 trln so‘mni tashkil etgan.

2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat budjeti daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 328,7 trln so‘m miqdorida prognoz qilingan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda valyuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasi tashkil etilishi mumkinligi haqida yozgandi.